Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Jazoni ijro etish departamenti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
2026-06-02 09:00:00 / Yangiliklar

Huquqni muhofaza qilish sohasida davlat organlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni kengaytirish, taʼlim va amaliyot uygʻunligini taʼminlash hamda ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash bugungi kunda ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar, xususan, voyaga yetmaganlarning taʼlim olish huquqlarini taʼminlash, ularning jamiyatga ijtimoiy moslashuvini qoʻllab-quvvatlash hamda jinoyatchilik takrorlanishining oldini olishga qaratilgan tizimli hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Hamkorlik doirasida jazoni ijro etish muassasalarida tarbiyaviy, maʼrifiy va huquqiy ishlar samaradorligini oshirish, voyaga yetmaganlarni taʼlim va kasbga yoʻnaltirish, ularning huquqiy ongi va ijtimoiy faolligini yuksaltirishga qaratilgan qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, memorandum huquqni muhofaza qilish sohasida kadrlar tayyorlash jarayonida nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlash, taʼlim jarayonini amaliy tajriba bilan boyitish hamda Akademiya tinglovchi va talabalarida jazoni ijro etish tizimi faoliyatiga oid kasbiy bilim va koʻnikmalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tomonlar uzoq muddatli, tizimli va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish muhimligini taʼkidladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi




