IIV rahbariyati tomonidan bolalarni kutib olishdan oromgohgacha boʻlgan xavfsizlik choralari oʻrganilib, masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi
2026-06-01 12:15:00 / Yangiliklar

Yozgi taʼtil mavsumida bolalarning mazmunli hordiq chiqarishi, ularning xavfsizligini taʼminlash hamda temir yoʻl obyektlarida jamoat tartibini saqlash masalalari doimiy eʼtibor markazida boʻlib kelmoqda.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzaraximov tomonidan bolalar oromgohlari faoliyati, oromgohlarga keluvchi bolalarni temir yoʻl vokzallarida kutib olish jarayonlari, shuningdek mavjud shart-sharoitlar va xavfsizlik choralari manzilli tarzda oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida temir yoʻl transporti obyektlarida xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan bolalar guruhlarini xavfsiz kuzatib borish, vokzal hududlarida jamoat tartibini taʼminlash, transport xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, oromgohlarga yetib kelayotgan bolalarni kutib olish va joylarga xavfsiz yetkazish ishlarini yanada samarali tashkil etish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish hamda masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha tegishli vazifalar belgilab berildi.
Tadbir yakunida IIO temir yoʻl xodimlariga xizmat intizomiga qatʼiy rioya qilish, bolalar xavfsizligini taʼminlashda masʼuliyatni yanada oshirish va har qanday favqulodda holatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Temir yoʻl transporti obyektlarida xizmat qilayotgan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yozgi mavsum davomida bolalarning xavfsiz harakatlanishi va oromgohlardagi tinch hamda xavfsiz muhitni taʼminlash boʻyicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash Departamenti Axborot guruhi



