Malakali kadrlar — yutuqlar garovi. Mashqda qiyin boʻlsa...
2026-06-01 01:10:00 / Yangiliklar

Xizmat vazifalari ichki ishlar organlari xodimlaridan nafaqat yuksak bilim va tajriba, balki mustahkam sogʻliq, yuqori jismoniy tayyorgarlik hamda murakkab vaziyatda tezkor harakat qila olish qobiliyatini talab etadi. Shu bois Navoiy viloyati IIB shaxsiy tarkibning jismoniy va jangovar tayyorgarligini yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bu borada viloyat hududidagi sport tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlik dasturi imzolangan. Ushbu dastur asosida xodimlar uchun muntazam ravishda mashgʻulotlar tashkil etib kelinmoqda.
Malakali mutaxassis-yoʻriqchilar rahbarligida suzish, qoʻl jangi, dzyudo, sambo hamda tezkorlik va chidamlilikni rivojlantiruvchi maxsus mashqlar oʻtkaziladi.
Mazkur mashgʻulotlar orqali xodimlarning jismoniy imkoniyatlari yanada oshirilib, ularning xizmat jarayonida uchrashi mumkin boʻlgan turli murakkab holatlarda toʻgʻri qaror qabul qilish, jinoyatchilarga qarshi samarali harakatlanish va oʻzini himoya qilish koʻnikmalari mustahkamlanmoqda. Ayniqsa, tartibbuzarlarni zararsizlantirish, qoʻlga olish va qonuniy talablarga boʻysundirishda qoʻl jangi va samboning amaliy usullari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlarida ayol xodimalarga ham sport bilan muntazam shugʻullanish, sogʻlom turmush tarzini olib borish va jismonan chiniqishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Bu esa ularning kasbiy salohiyatini mustahkamlash bilan birga, oʻz kuch va imkoniyatlariga boʻlgan ishonchini yanada kuchaytirmoqda.
Shuningdek, xodimlar bilan oʻq otish mashgʻulotlari ham muntazam tashkil etiladi. Unda shaxsiy tarkibning quroldan aniq va toʻgʻri foydalanish koʻnikmalari sinovdan oʻtkaziladi. Xodimlar yangi namunadagi nishonlarga oʻq uzib, ularning qurol bilan muomala qilishdagi va moʻljalga olishdagi mahorati baholanadi.
Bundan tashqari, maxsus taktik tayyorgarlik boʻyicha nazariy va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilib, shaxsiy tarkibning favqulodda vaziyatlarda harakat qilish algoritmlari mustahkamlanadi. Ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish, tegishli rejalar asosida ish olib borish va maxsus vositalardan toʻgʻri foydalanish yuzasidan ham ularning amaliy koʻnikmalari sinab koʻriladi.
Shuningdek, xodimlardan toʻsinda tortilish, qurolni notoʻliq qismlarga ajratish va qayta yigʻish boʻyicha sinovlar qabul qilinib, ularning jismoniy holati, chaqqonligi va texnik tayyorgarligi baholanadi.
Eʼtiborli jihati shundaki, bu kabi mashgʻulotlar viloyat IIBning barcha tarkibiy tuzilmalari va hududiy boʻlimlarida muntazam ravishda oʻtkaziladi. Bu esa har bir xodimning xizmatga doimo tayyor boʻlishi, yuksak jangovar ruh va mustahkam iroda bilan faoliyat yuritishiga xizmat qilmoqda.
Sogʻlom tan, mustahkam iroda va yuqori jangovar tayyorgarlik huquq-tartibot posbonlarining eng ishonchli tayanchidir. Navoiy viloyati ichki ishlar organlarida oʻtkazilayotgan bu kabi tizimli mashgʻulotlar shaxsiy tarkibning kasbiy mahoratini oshirish, ularni jismonan va ruhan chiniqtirish hamda yanada samarali faoliyat koʻrsatishiga mustahkam zamin yaratmoqda.
Mahliyo XOLOVA, oʻz muxbirimiz.
Navoiy viloyati.
