Toshkent shahar Qoʻriqlash xizmati tomonidan aholi xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida mahallalar hududida keng qamrovli targʻibot-tashviqot tadbirlari tashkil etilmoqda
2026-05-31 21:25:00 / Yangiliklar

Jumladan, kuni kecha tashkil etilgan bu kabi navbatdagi tadbir doirasida Qoʻriqlash xizmati xodimlari tomonidan mahallalarda istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, zamonaviy qoʻriqlash vositalari va texnik xavfsizlik tizimlarining imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Xususan, turar joylar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini markazlashtirilgan qoʻriqlash pultiga ulash, samarali foydalanish hamda mulk daxlsizligini taʼminlashning zamonaviy usullari yuzasidan targʻibot-tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, tadbir davomida fuqarolarga huquqbuzarliklarning oldini olish, shubhali holatlar yuzaga kelganda “tashvish“ tugmalariga murojaat qilish, shaxsiy va mulkiy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha amaliy tavsiyalar berildi.
Mazkur profilaktik tadbirlar aholining huquqiy ongi va xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish, fuqarolarda hushyorlik va ogohlikni kuchaytirish hamda mahallalarda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Toshkent shahar Qoʻriqlash xizmati tomonidan amalga oshirilayotgan bunday keng koʻlamli tadbirlar fuqarolarning tinch va osoyishta hayot kechirishi, ularning mol-mulki ishonchli himoya qilinishi hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan.
IIV huzuridagi Qoʻriqlash departamenti






