Kasbidan kamol topganlar. Muvaffaqiyatning yetti tayanchi
2026-05-30 23:00:00 / Yangiliklar

“Shuhrat” medali sohibi, isteʼfodagi podpolkovnik Alisher Rustamovning bosib oʻtgan hayot yoʻli sharafli.
...2010-yil iyul oyi. Ayni yoz chillasi. Quyosh tikkaga kelgan payt. Havo qizigandan qiziyapti. Alisher Rustamov ikki nafar xodimi bilan besh soatdan beri yogʻoch uyumlari panasida pistirmada turibdi. Qoʻshni uyda oʻta xavfli retsidivist yashaydi. U yetti yildan beri tutqich bermaydi.
Tezkor maʼlumotlarga qaraganda, soat 15-16 larda oilasining holidan xabar olish uchun kelishi kerak. Qirq daraja issiqda bir necha soat qimirlamay mana shu holatda yotish kishidan maxsus tayyorgarlik, chidam taqozo qilardi.
Xodimlar bunga tayyor edi. Va nihoyat soat oʻn oltilarda 40-45 yoshlardagi shaxs darvozani ochib, ichkariga kirdi. U hech narsani sezmasdan qoʻlidagi sumkasini uyning zinasiga qoʻyib eshikni ochmoqchi boʻldi.
Shu soniyada yelkasini baquvvat qoʻl bosdi. Bir zumda u qoʻli orqaga qayrilgan holda yerda yotardi. Alisher Rustamov oʻz ishining ustasi boʻlgani uchun jinoyatchi qarshilik koʻrsatishga ham ulgurmadi.
...2014-yilda Tojikiston Respublikasidan Rossiyaga giyohvandlik vositalarini oʻtkazish bilan shugʻullanayotgan jinoiy guruhning iziga tushildi. Kalavaning bir uchi Qozogʻistonga, undan Rossiyaning Perm shahriga borib taqaladigan taʼminot zanjiriga Xovos tumanidagi 40-45 yoshlardagi ikki nafar ayol ham jalb qilingandi.
Ularning vazifasi Tojikistondan oʻtkazilgan “yuk”ni qabul qilib, Sirdaryo tumani orqali Qozogʻistondagi guruh aʼzosiga yetkazib berishdan iborat edi.
Ushbu ayollar Alisher Rustamov rahbarligidagi TVBSO xodimlari tomonidan Xovos tumanidan chiqqan zahotiyoq kuzatuvga olindi. Guliston shahrida toʻxtatilib, jomadonlari koʻzdan kechirildi. Zahri qotil puxtalik bilan jomadonlarning ichki yashirin qavatiga berkitilgandi.
Tarozida tortib koʻrilganda, jami 12 kilogramm geroin olib oʻtilayotgani aniqlandi. Operatsiya shu bilan tugamadi. Xodimlar oldiga ushbu jinoiy guruhning Qozogʻiston Respublikasidagi aʼzolarini ham fosh etish vazifasi qoʻyiladi.
Tadbir ikki soat ichida oʻtkazilmasa, ular sezib qolardi. Alisher Rustamov masʼuliyatni oʻz zimmasiga olib, uch nafar xodimi bilan Sirdaryo tumanidagi bojxona postiga yetib bordi.
Kelishilgan soatda ayollar jomadoni bilan bojxona postini kesib oʻtishadi. Neytral hududda ularni polvongina, yoshi oʻttizlarda boʻlgan yigit kutib oladi.
U jomadonlarni qoʻlga olishi bilan oʻzi ham qoʻlga olinadi. Koʻp oʻtmay jinoiy toʻdaning Tojikiston va Qozogʻistondagi boshqa aʼzolari ham fosh etilib, jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Lavhamiz qahramoni ustoz sifatida ham hurmat qozongan. Uning shogirdlaridan serjant Ulugʻbek Ergashev Oqoltin tumani IIB YHXB boshligʻi, mayor Shuhrat Tursunov esa Sirdaryo viloyati IIB JTSB PPX vzvodi komandiri.
Shogirdlaridan “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi, podpolkovnik Aʼzamjon Ortiqboyev shunday deydi: — Ustozimiz rahbar sifatida talabchan, intizomni birinchi oʻringa qoʻyardi. Oʻzidagi bilim va tajribani boshqalar bilan boʻlishardi. Hech bir xodimning muammosiga befarq emasdi. Men uning qoʻl ostida toʻqqiz yil ishlab, juda koʻp narsalarni oʻrgandim.
Alisher Rustamov 2016-yilda izzat-ikrom bilan pensiyaga chiqadi. Bugungi kunda Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi Ixtisoslashgan oʻquv markazi taktika va maxsus taktika tayyorgarligi boʻyicha oʻqituvchisi sifatida yosh kadrlarga bilim va tajribasini oʻrgatib kelmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Abdurahmon Mustafoqulov, Sirdaryo viloyati.
