Sirdaryo viloyati IIB rahbariyati Mirzaobod tumanida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi
2026-05-30 10:00:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi polkovnik Farrux Xaydarov tomonidan Mirzaobod tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–1 va PQ–2-son qarorlari hamda “Chilonzor tajribasi” doirasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan oʻrganish ishlari olib borildi.
Dastlab, “Mirzachoʻl” mahallasida jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, aholi bilan manzilli ishlash hamda kriminogen vaziyat barqarorligini saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi tomonidan davlat rahbarining PQ–1 qarori va “Chilonzor tajribasi” asosida amalga oshirilgan ishlar hamda mahalladagi jinoyatchilik holati yuzasidan taqdimot tinglandi.
Shuningdek, mahallaga biriktirilgan profilaktika inspektorining xizmat faoliyati, muqaddam sudlanganlar, profilaktik hisobda turuvchi va alohida toifadagi shaxslar tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan profilaktik chora-tadbirlar tahlil qilindi.
Tashrif davomida mahalla hududida oʻrnatilgan videokuzatuv tizimlari faoliyati, profilaktika inspektori uchun ajratilgan xizmat uyida yaratilgan shart-sharoitlar hamda savdo obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash borasidagi ishlar koʻzdan kechirilib, masʼullarga tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Oʻrganishlar yakunida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi bilan manzilli ishlash samaradorligini oshirish hamda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati









