Oʻzbekiston Respublikasi IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi vakillari “IAFS 2026” xalqaro ilmiy yigʻinida ishtirok etmoqda
2026-05-30 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi vakillari Bolgariya Respublikasining Sofiya shahrida oʻtkazilayotgan International Association of Forensic Sciencesning 24-xalqaro ilmiy yigʻini — IAFS 2026 tadbirida ishtirok etmoqda.
Joriy yilning 25–30-may kunlari tashkil etilgan mazkur nufuzli anjuman dunyoning turli davlatlaridan sud ekspertizasi, kriminalistika, sud tibbiyoti hamda raqamli ekspertiza sohalarida faoliyat yurituvchi olim va mutaxassislarni bir maydonga jamlagan xalqaro ilmiy platforma hisoblanadi.
Xalqaro yigʻin doirasida zamonaviy ekspert-kriminalistik tadqiqot usullari, DNK va trasologik ekspertizalar, hujjatlar ekspertizasi, raqamli dalillar tahlili, sunʼiy intellektdan foydalanish orqali kriminalistik tahlillarni takomillashtirish, shuningdek transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashishda sud ekspertizasining ahamiyatiga bagʻishlangan maʼruzalar va amaliy sessiyalar tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, ishtirokchilar ilgʻor xorijiy laboratoriyalar faoliyati, innovatsion kriminalistik texnologiyalar hamda ekspertlik amaliyotida qoʻllanilayotgan yangi yondashuvlar bilan yaqindan tanishmoqda.
Mazkur xalqaro ilmiy yigʻinda ishtirok etish Oʻzbekiston IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi faoliyatini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish, ekspertlik tadqiqotlariga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish hamda milliy ekspert-kriminalistika tizimida ilgʻor tajribalarni tatbiq etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, olingan ilmiy va amaliy tajribalar kelgusida jinoyatlarni fosh etish samaradorligini oshirish, ashyoviy dalillarni tadqiq etish sifatini yaxshilash hamda ekspert kadrlar salohiyatini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi





