IIV rahbariyati tomonidan Toshkent shahri Mirobod tumanida oʻrganish ishlari davom etmoqda
2026-05-29 14:15:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi IIV oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzaraximov tomonidan Mirobod tumani hududida joylashgan Mirobod dehqon bozori hamda Oq uy jome masjidi faoliyati koʻzdan kechirildi.
Tashrif davomida mazkur obyektlarda jamoat xavfsizligini taʼminlash, fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, hududlarning kameralashtirilganlik holati, videokuzatuv tizimlarining samarali ishlashi, shuningdek yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi atroflicha oʻrganildi.
Ayniqsa, bozor va masjid hududlarida fuqarolarning xavfsiz va qulay harakatlanishi, kirish-chiqish nazorati, favqulodda holatlarning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, yongʻinga qarshi vositalarning shay holatda saqlanishi, evakuatsiya yoʻlaklarining ochiqligi hamda masʼul xodimlarning tayyorgarlik darajasi ham tekshirildi.
Oʻrganishlar yakunida mutasaddi rahbar va masʼullarga xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish, zamonaviy kuzatuv kameralaridan samarali foydalanish, fuqarolar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish hamda yongʻin xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya etish yuzasidan tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
Mazkur ishlar aholi osoyishtaligini taʼminlash, jamoat joylarida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash Departamenti Axborot guruhi






