Jarayon. Sayyor qabul: masofa toʻsiq emas
2026-05-28 23:00:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini amalda taʼminlash, ichki ishlar organlari va jamiyat oʻrtasida ochiqlik hamda shaffoflikni mustahkamlash maqsadida joylarda sayyor qabullar muntazam tashkil etib kelinyapti.
Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatov rahbarligida oʻtkazilgan navbatdagi sayyor qabulda ham sohaning masʼul rahbar va mutasaddilari ishtirok etib, murojaatlarga amaliy yechim topishga alohida eʼtibor qaratishdi.
Sayyor qabul jarayonida aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida hududiy omillar alohida inobatga olindi. Xususan, Toshkent shahri hamda Toshkent viloyati fuqarolari bilan yuzma-yuz uchrashuvlar tashkil etilgan boʻlsa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va boshqa hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun videokonferensaloqa orqali masofaviy qabullar oʻtkazildi.
Bu, oʻz navbatida, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliksiz murojaat qilish imkoniyatini kengaytirdi.
Qabul davomida ichki ishlar organlari faoliyatiga daxldor turli masalalar, jumladan, fuqarolar oʻrtasidagi moliyaviy munosabatlar, surishtiruv va tergov jarayonlarida yuzaga kelgan muammolar, ijtimoiy himoya, ishga qayta tiklanish hamda boshqa huquqiy masalalar yuzasidan murojaat va takliflar bildirildi.
Tadbir yakuniga koʻra, jami 536 ta murojaat qayd etilib, ularning 301 tasi (56 foizi) belgilangan tartibda joyida ijobiy hal etildi. Qolgan 235 ta murojaat esa qoʻshimcha oʻrganish talab etgani bois nazoratga olinib, masʼul sohaviy xizmatlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan tashkil etilgan qabullarda 395 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 170 tasi (43 foizi) joyida hal qilingan boʻlsa, 225 tasi qoʻshimcha tekshiruv va huquqiy oʻrganish asosida koʻrib chiqish uchun yoʻnaltirildi.
Bunday sayyor qabullar davlat organlari va xalq oʻrtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlash, aholining tizimga boʻlgan ishonchini oshirish hamda mavjud muammolarni tezkor hal etishda muhim platforma boʻlib xizmat qilmoqda. Shu sababli bunday tadbirlar respublikamizning barcha hududlarida tizimli ravishda davom ettiriladi.
©️ “Postda” gazetasi, Abror Poyonov.
