IIV Akademiyasi rahbariyati tomonidan Qibray tumanining “Zebuniso” mahallasida jinoyatchilikni jilovlash borasida olib borilayotgan ishlar oʻrganildi
2026-05-27 12:15:00 / Yangiliklar

Dastlab Prezidentimizning 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi muhokama qilindi.
Mahallaga biriktirilgan masʼul rahbarlar, “yettilik” aʼzolari va akademiya vakillarining axboroti tinglandi. Jinoyatchilik omillarini bartaraf etish maqsadida amaliyotga joriy qilingan tajribalar, erishilayotgan natijalar, kelgusidagi vazifalar aniq raqam va tahlillar misolida taqdimot qilindi.
Akademiya boshligʻi joriy yilning oʻtgan davri mobaynida mahallaning kriminogen vaziyati barqarorlashib, “yashil” toifaga oʻtgani kompleks yondashuv asosida, hamjihatlikda amalga oshirilgan tadbirlar samarasi ekanligini alohida taʼkidladi. Shu bilan birga, xavfsiz muhitni yaratish va jinoyatlarning barvaqt oldini olish ishlarini yanada jadallashtirish lozimligini aytdi.
Xususan, “yoʻl xarita”da belgilangan vazifalarni sifatli bajarish, aholining barcha qatlami, ayniqsa yoshlar, xotin-qizlar, muqaddam sudlangan shaxslar hamda ishsiz fuqarolar bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini bartaraf etish, bandligini taʼminlash, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish zarurligi qayd etildi.
Oʻrganishlar yakunida masʼullar, “mahalla yettiligi” tizimi xodimlari va akademiya ishchi guruhi vakillariga har bir yoʻnalish boʻyicha tegishli vazifalar belgilab berildi. Joylardagi ayrim muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ilgari surildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati



