Qashqadaryo viloyati hokimi huzurida qoʻriqlashning texnik vositalarini mahalliylashtirish hamda Qoʻriqlash xizmatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-05-27 11:50:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Abduvoxid Ismoilov hamda sohaga daxldor mutasaddi rahbarlar tomonidan Qarshi shahrida joylashgan “ALP TEXNO SERVIS” xususiy korxonasiga qarashli “S-SMART” Buyuk Turon kichik sanoat zonasiga tashrif amalga oshirildi.
Tashrif doirasida mutasaddi rahbarlar tomonidan “S-SMART” xususiy korxonasining ishlab chiqarish jarayonlari, texnik imkoniyatlari, mavjud infratuzilmasi hamda xavfsizlik sohasida joriy etilayotgan zamonaviy yechimlar bilan yaqindan tanishildi.
Tadbir davomida texnik qoʻriqlash yoʻnalishida ishlab chiqilgan “S-SMART Security” mahalliylashtirilgan texnik himoya dasturiy tizimining taqdimoti oʻtkazildi. Mazkur tizim obyektlar va xonadonlarni ishonchli muhofaza qilish, xavfli holatlar yuzasidan tezkor xabar berish, shuningdek, jamoat va xususiy xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan zamonaviy yechim sifatida eʼtirof etildi.
Shuningdek, taqdimot jarayonida texnik vositalarning imkoniyatlari, ularning ishlash mexanizmi, texnik qoʻriqlash tizimlarini yanada takomillashtirish, sohada raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish hamda Qoʻriqlash xizmati tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan istiqbolli yoʻnalishlar yuzasidan fikr almashildi.
Taʼkidlanganidek, bunday innovatsion va mahalliylashtirilgan xavfsizlik tizimlarini amaliyotga keng joriy etish sohada samaradorlikni yanada oshirish, mol-mulk daxlsizligini taʼminlash, aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga sifatli va ishonchli xizmat koʻrsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.



