Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari Buxoro viloyatida Qurbon hayiti namoziga tayyorgarlik jarayonlarini koʻzdan kechirdi
2026-05-26 22:25:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, polkovnik D.N. Sattarov Buxoro viloyatiga tashrifi davomida hududlarda jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi hamrohligida amalga oshirilgan ushbu oʻrganishlar Qurbon hayiti namozlarini koʻngilsiz holatlarsiz, tinch va osoyishta oʻtkazish hamda fuqarolarimizning xavfsizligini taʼminlash maqsadiga qaratildi.
Dastlabki manzil Shofirkon tumani Ichki ishlar boʻlimi binosi boʻldi. Bu yerda masjidlarda xavfsizlikning qanday taʼminlanganligi hamda bayram tadbirlari davomida shaxsiy tarkib xodimlarining xizmat faoliyati aks etgan maxsus taqdimot namoyish etildi. Shundan soʻng, masʼul rahbarlar Gʻijduvon tumanida joylashgan Abduxoliq Gʻijduvoniy ziyoratgohiga tashrif buyurib, hayit namoziga tayyorgarlik koʻrish doirasida xizmatga jalb qilingan xodimlarning shayligini va masʼuliyatini tekshirdilar.
Oʻrganish ishlari Vobkent tumanida davom ettirildi. Xususan, tuman hududidagi Anjir Fagʻnaviy ziyoratgohida tashkil etilgan xizmat jarayonlari bevosita joyiga chiqqan holda oʻrganildi. Shuningdek, Vobkent tumani Markaziy oʻyingohida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash maqsadida xizmatga jalb qilingan shaxsiy tarkib bilan uchrashuv oʻtkazilib, ularga xizmat intizomiga rioya qilish hamda hushyorlikni oshirish boʻyicha tegishli yoʻriqnoma va aniq koʻrsatmalar berildi.
Tashrifning keyingi bosqichida Romitan tumanidagi tabarruk maskanlar qamrab olindi. Jumladan, tumandagi Boboyi Samosiy hamda Xoja Ali Romitaniy ziyoratgohlarida xizmat olib borayotgan xodimlarning faoliyati batafsil koʻzdan kechirildi. Jarayon davomida xodimlarning eʼtiborini kuchaytirish, har qanday vaziyatda ham fuqarolarimizning xotirjam va xavfsiz ibodat qilishlari uchun zaruriy barcha choralarni koʻrish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.









