Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, axborot xavfsizligini taʼminlash hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida oʻquv-seminar boʻlib oʻtdi
2026-05-26 18:00:00 / Yangiliklar

Seminar IIV RI va AXB boshligʻi rahbarligida tashkil qilinib, ichki ishlar organlarida raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish, elektron tizimlardan samarali foydalanish hamda axborot xavfsizligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.Shuningdek mazkur oʻquv-seminarda Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tashkiliy boshqarma boshligʻi va Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika xizmati boshligʻi, shuningdek sohaviy xizmat masʼullari ishtirok etdilar.
Oʻquv-seminar davomida ichki ishlar organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish, xizmat jarayonlarini raqamlashtirish orqali ish samaradorligini oshirish, aholiga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, elektron hujjat almashinuv tizimidan toʻgʻri va samarali foydalanish, xizmat hujjatlarini raqamli shaklda yuritish, ijro intizomini mustahkamlash hamda tizim orqali kelib tushayotgan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarish masalalari boʻyicha amaliy tushunchalar berildi. Masʼul xodimlarga elektron platformalar bilan ishlashda aniqlik va tezkorlikni taʼminlash, maʼlumotlar bazasini muntazam yangilab borish yuzasidan tegishli tavsiyalar bildirildi.
Oʻquv-seminarda axborot xavfsizligini taʼminlash bugungi kunda dolzarb vazifalardan biri ekanligi alohida taʼkidlanib, kiberxavfsizlik talablariga qatʼiy rioya qilish, xizmatga oid maʼlumotlarni ishonchli himoyalash, turli kibertahdid va noqonuniy kirish holatlarining oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar koʻrib chiqildi.
Tadbir yakunida ichki ishlar organlari faoliyatida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanishni yanada takomillashtirish, sohada innovatsion yechimlarni keng joriy etish hamda elektron tizimlar bilan ishlash koʻnikmalarini oshirish boʻyicha masʼullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati



