Poytaxtda “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlari nazorat ostida oʻtkazildi
2026-05-26 17:20:00 / Yangiliklar

25-may. Maktablar va litseylarning bitiruvchi sinf oʻquvchilari uchun bu muhim sana. Qadrdon maskan, talabchan, jonkuyar va mehribon ustozlari bagʻridan, tengdoshlari, sinfdoshlari safidan uzilib, mustaqil hayotga ilk qadam qoʻyish hayajoni barchaga tanish holat.
Yurtimiz, xususan, poytaxt umumtaʼlim maskanlarida tantanavor damlar boʻlib oʻtdi. Bayramni tinch va osuda oʻtkazish, oʻquvchilarning sayilgohlar, koʻngilochar maskanlar, kinoteatr va sanʼat saroylari, madaniy hordiq chiqarish maskanlari, xiyobonu gulzorlarga tashrifi, yoshlikning eng baxtli onlarini xushkayfiyat va shod oʻtkazishlari uchun jamoat xavfsizligini taʼminlashda poytaxt IIBB shaxsiy tarkibi, Milliy gvardiya xodimlari oʻz xizmat joylarida hushyor va har qanday vaziyat nazoratlari ostida boʻldi. Maktablarga eltuvchi yoʻllar, tutash koʻchalarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash uchun zaruriy choralar koʻrildi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati









