IIV rahbariyati tomonidan “Qurbon hayiti” bayrami kunlarida jamoat xavfsizligini taʼminlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan masʼul xodimlarga koʻrsatmalar berildi
2026-05-26 16:35:00 / Yangiliklar

Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Qurbon hayiti” bayrami munosabati bilan jamoat xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarning tinch va osoyishta dam olishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida profilaktik chora-tadbirlar kuchaytirilmoqda.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzaraximov tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida masʼul rahbar va xodimlar ishtirokida xizmat yigʻini oʻtkazildi.
Yigʻilish davomida bayram kunlarida aholi gavjum boʻladigan maskanlar, masjidlar, bozorlar, istirohat bogʻlari hamda ommaviy tadbirlar oʻtkaziladigan hududlarda jamoat tartibini saqlashni yanada kuchaytirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, transport vositalari harakatini tartibga solish, yongʻin xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya etilishini nazorat qilish hamda fuqarolar murojaatlariga tezkor munosabat bildirish boʻyicha masʼul xodimlarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
General-mayor Baxodir Mirzaraximov tomonidan profilaktika inspektorlari, patrul-post xizmati va sohaviy xizmatlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, har bir hududda vaziyatni doimiy nazoratda ushlash, ayniqsa, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish muhim vazifa ekani taʼkidlandi.
Tadbir yakunida barcha shaxsiy tarkibdan bayram kunlarida xizmat intizomiga qatʼiy amal qilish, fuqarolar bilan xushmuomalada boʻlish va yuksak masʼuliyat bilan xizmat olib borish talab etildi.
Mazkur chora-tadbirlar aholining tinchligi va xavfsizligini taʼminlash, “Qurbon hayiti” bayramini koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazishga xizmat qilishi qayd etildi.
Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash Departamenti Axborot guruhi



