Zamonaviy xavfsizlik. Toʻlqinlar mavj urar yurakda
2026-05-27 11:20:00 / Yangiliklar

Xizmat faoliyatini 2020-yilda oddiy nazoratchi sifatida boshlagan leytenant Dilorom Akramova bugun Namangan viloyati IIB huzuridagi Qoʻriqlash xizmati Moliya-iqtisod boʻlimida boʻlinma boshligʻi lavozimida xizmat qilmoqda.
Oilada yagona qiz boʻlganim uchunmi, aka-ukalarim meni hamisha avaylashardi, – deydi lavhamiz qahramoni. – Lekin bolaligimdan jasurlikka, mustaqillikka intilardim. Xizmat libosini kiyish, qonun ustuvorligini taʼminlashga hissa qoʻshish eng katta maqsadim edi. Tikuvchilik va pazandalik sirlarini oʻrganganim roʻzgʻorda asqatsa, karate bilan shugʻullanganim bugun xizmatda qatʼiyatli boʻlishimga yordam bermoqda. Boʻsh vaqtimda kitob oʻqiyman, chunki mutolaa inson qalbini goʻzallashtiradi.
Kasbdoshlari Dilorom Akramovani nafaqat qatʼiyatli xodim, balki oʻz ishining haqiqiy professionali sifatida qadrlashadi.
– Dilorom bilan bir necha yildan buyon yelkama-yelka xizmat qilib kelamiz, – deydi serjant Qobiljon Orzimatov. – Moliyaviy hisob-kitoblar, moddiy boyliklarni nazorat qilishdek masʼuliyatli vazifada u oʻzining aniq ish tizimi va qatʼiyati bilan ajralib turadi. Murakkab vaziyatlarda oʻzining tezkor va toʻgʻri qarorlari, irodasi bilan barchaga namuna boʻla oladi. Ham noziktaʼb ayol, ham talabchan rahbar boʻlish oson emas, lekin leytenant Akramova buni aʼlo darajada uddalayapti. Uning yutuqlari butun jamoamizning faxridir.
Oʻz ustida ishlashdan toʻxtamagan, bilim va shijoatni uygʻunlashtirgan Dilorom Akramovaning xizmat va hayot yoʻli bugungi zamon ayolining jamiyatda qanchalik faol va kuchli boʻla olishiga yorqin misoldir.
Maqsadi sari dadil qadam tashlayotgan shijoatli leytenantga el-yurt osoyishtaligi va soha rivoji yoʻlidagi sharafli xizmatida hamisha zafarlar yor boʻlishini tilaymiz.
Jahongir TOʻXTASINOV,
Namangan viloyati.
