Ijtimoiy profilaktika. Osoyishtalik mahalladan boshlanadi
2026-05-25 23:00:00 / Yangiliklar

Jinoyatchilikka qarshi kurashishda samarali yondashuv — jinoyat sodir etilgandan keyin jazolash emas, balki uning barvaqt oldini olishga ustuvor ahamiyat berishni taqozo etadi. Buning uchun jinoyatga sabab boʻluvchi ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik omillarni bartaraf etish yuzasidan tizimli ishlar olib borilishi lozim.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hamda Jizzax viloyati hokimining tegishli farmoyishi asosida oʻtkazilayotgan “Ijtimoiy profilaktika haftaligi” doirasidagi tadbirlarda ana shu ilgʻor yondashuv oʻz aksini toʻla-toʻkis topmoqda.
Joriy yilning mart iyun oylari davomida oʻtkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar har oyda tuman va shaharlardagi bittadan mahallani qamrab olgan.
Tadbirlarning samarali va natijador boʻlishiga tuman (shahar) hokimlari hamda ichki ishlar boʻlimlari boshliqlari shaxsan masʼul etib belgilangan.
Mart oyida viloyatning 12 ta mahallasida haftalik doirasidagi tadbirlar muvaffaqiyatli yakunlandi. Birgina Gʻallaorol tumanidagi “Sarbozor” MFY misolida aytadigan boʻlsak, asosiy eʼtibor hududda profilaktika ishlarini kuchaytirish, yoshlar tarbiyasiga alohida yondashish va aholi oʻrtasida huquqiy targʻibotni kengaytirishga qaratildi.
Xususan, mahalla yettiligi tomonidan 16 ta yoʻnalish boʻyicha oʻrganish ishlari olib borildi. Birgina profilaktika inspektori tomonidan esa ijtimoiy profilaktika obyektlari boʻyicha aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan mahalla yettiligiga 196 ta xulosa taqdim etildi.
Shuningdek, mahalla faollari orasidan tajribali murabbiylar biriktirilishi va hamkorlikdagi ishlar samarasi oʻlaroq, 55 nafar fuqaroning turmush tarzi va oilaviy sharoiti oʻrganilishi natijasida 12 nafar shaxs sogʻlom turmush tarziga qaytarildi.
Yoshlar yetakchisi bilan hamkorlikda tarbiyasi ogʻir va xulq-atvorida salbiy oʻzgarishlar kuzatilayotgan yoshlarning qiziqishlari oʻrganildi. Natijada 34 nafar yigit-qiz fan, kasb-hunar va sport toʻgaraklariga yoʻnaltirildi. Bundan tashqari, aholi bandligini taʼminlash maqsadida hududda 3 marotaba mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Ayni paytda haftalik doirasidagi tadbirlar tumanning “Gʻoʻbdin” mahallasida izchil davom ettirilmoqda. Ushbu jarayonda ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Shu bilan birga, aholi muammolarini tizimli aniqlash va ularni joyida hal etish choralari koʻrilmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Begzod Asadov, Jizzax viloyati IIB HPB katta inspektori, katta leytenant.
