Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Interpol “Trigger X” xalqaro operatsiyasida ishtirok etdi
2026-05-25 11:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 11–15-may kunlari Sarayevo shahrida (Bosniya va Gersegovina) oʻqotar qurollarning noqonuniy aylanishi va u bilan bogʻliq transmilliy jinoyatchilik turlariga qarshi kurashishga qaratilgan INTERPOLning “Trigger X – Yevropa va Markaziy Osiyo” xalqaro operatsiyasi doirasida bir vaqtning oʻzida operatsiya oldi yigʻilishi va mintaqaviy trening boʻlib oʻtdi.
Tadbir Interpol xalqaro jinoiy politsiya tashkilotining Bosh kotibiyati tomonidan Yevropa Ittifoqi koʻmagida “iARMS V” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Unda Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarining huquqni muhofaza qiluvchi idoralari hamda Interpol milliy markaziy byurolari vakillari qatnashdi. Oʻzbekiston Respublikasi nomidan IIV Interpol Milliy markaziy byurosi va IIV Bosh ekspert-kriminalistika markazi vakillari ishtirok etdi.
Kengash davomida ishtirokchilar oʻqotar qurollarning noqonuniy aylanishi bilan bogʻliq zamonaviy tahdidlar, xalqaro hamkorlik mexanizmlari hamda qoʻshma tadbirlarni muvofiqlashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Mintaqaviy trening doirasida Interpol Bosh kotibiyati ekspertlari tomonidan “iARMS” tizimidan foydalanish, qurollarni xalqaro darajada kuzatish, oʻqotar qurollar bilan bogʻliq jinoyatlarni tergov qilish va xalqaro kriminalistik vositalarni qoʻllash boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi xorijiy hamkorlar bilan amaliy tajriba almashdi hamda oʻqotar qurollarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish sohasidagi zamonaviy xalqaro yondashuvlarni oʻrgandi.
Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi



