Ichki ishlar organlarida aholi murojaatlari bilan ishlash faoliyatiga tizimli yondashuv: muammolar tahlili, qonuniy yechim va inson manfaatlari ustuvorligi
2026-05-25 08:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda aholi murojaatlari bilan ishlash, fuqarolarning dard-u tashvishlarini eshitish va ularning qonuniy manfaatlarini taʼminlash davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida ichki ishlar organlarida aholi bilan ochiq muloqotlar va sayyor qabullar muntazam tashkil etilmoqda.
Joriy yilning 24-may kuni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov rahbarligida navbatdagi sayyor qabul oʻtkazildi. Unda sohaning masʼul rahbar va mutasaddilari ishtirok etib, fuqarolarning murojaatlarini tinglash va ularga amaliy yechim topishga alohida eʼtibor qaratildi.
Qabul jarayonida aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida hududiy omillar inobatga olindi. Xususan, Toshkent shahri va viloyati fuqarolari bilan yuzma-yuz uchrashuvlar tashkil etilgan boʻlsa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda mamlakatimizning boshqa hududlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun videokonferensiya aloqasi orqali masofaviy qabullar oʻtkazildi. Bu esa fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliksiz murojaat qilish imkoniyatini kengaytirdi.
Qabul davomida ichki ishlar organlari faoliyati bilan bogʻliq turli masalalar koʻtarildi. Jumladan, fuqarolar oʻrtasidagi moliyaviy munosabatlar, surishtiruv va tergov jarayonlarida yuzaga kelgan muammolar, ijtimoiy himoya, ishga qayta tiklanish, shuningdek boshqa huquqiy masalalar yuzasidan murojaat va takliflar bildirildi.
Tadbir yakuniga koʻra, jami 536 ta murojaat qayd etildi. Ularning 301 tasi, yaʼni 56 foizi belgilangan tartibda joyida ijobiy hal etildi. Qolgan 235 ta murojaat esa qoʻshimcha oʻrganish talab etilgani sababli nazoratga olinib, masʼul sohaviy xizmatlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyati hamda boshqa hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan tashkil etilgan qabullarda ham jami 395 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 43 foizi, yoki 170 tasi joyida hal qilingan boʻlsa, 225 tasi qoʻshimcha tekshiruv va huquqiy oʻrganish asosida koʻrib chiqish uchun yoʻnaltirildi.
Murojaatlarni koʻrib chiqish jarayonida aholining real ehtiyoj va talablaridan kelib chiqqan holda, uzoq vaqt davomida yechimini topmagan muammolarni bartaraf etish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini tiklashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Bunday sayyor qabullar davlat organlari va xalq oʻrtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlash, aholining davlat idoralariga boʻlgan ishonchini oshirish hamda mavjud muammolarni tezkor hal etishda muhim ekanligini inobatga olib mamlakatimizning barcha hududlarida tizimli ravishda davom ettiriladi.









