Oʻzbekiston delegatsiyasi BOMCA-11 dasturini ishga tushirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi guruhning birinchi yigʻilishida ishtirok etdi
2026-05-24 17:20:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 20–21-may kunlari Bishkek shahrida Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga koʻmaklashish dasturining 11-bosqichi (BOMCA-11)ni rasman ishga tushirishga bagʻishlangan muvofiqlashtiruvchi guruhning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mahallalar uyushmasi, shuningdek Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi vakillaridan iborat tarkibda ishtirok etdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi mintaqaviy transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish, shuningdek chegaraoldi hududlar aholisi turmush sharoitini yaxshilashdan iborat boʻldi. Shuningdek, integratsiyalashgan chegara boshqaruvi tamoyillarini joriy etish, inson huquqlariga rioya qilish va gender muvozanatini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Yigʻilish doirasida ishtirokchilar dasturni amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari, idoralararo hamkorlik mexanizmlari, shuningdek mintaqaviy xavfsizlik va chegaraoldi hududlarni barqaror rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Dastur koordinatori sifatida Xalqaro migratsiya siyosati rivojlantirish markazi hamkor tashkilotlar — CIVIPOL, INTERPOL, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi hamda Latviya Markaziy moliya va shartnomalar agentligi bilan birgalikda faoliyat yuritmoqda.



