Toʻrt oyoqli koʻmakchilar. «Tarzan», «Molli», «Blis»...
2026-05-24 15:05:00 / Yangiliklar

Ulgʻaygandagi orzu baʼzan bolalikdagi ishqibozlikdan boshlanadi. Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanida tugʻilib, voyaga yetgan Jahongir Roʻzimurodovning kasb tanlashiga bolalikdagi oddiy qiziqishi sabab boʻlgan. Oʻsmirligida «Tarzan» laqabli iti boʻlardi. Jonivorga turli buyruqlar berib, zehni va itoatkorligini sinovdan oʻtkazardi. Bu oddiy mashgʻulotlar esa keyinchalik uning taqdir yoʻlini belgilab berdi.
Vaqt oʻtib, qiziqishi Jahongirni Kattaqoʻrgʻon tumanidagi veterinariya texnikumiga boshlab keldi. Ushbu dargohda kinologiya yoʻnalishida tahsil olib, xizmat itlari bilan ishlashning sir-asrorlarini puxta oʻzlashtirdi. Amaliyotni esa Navoiy viloyati IIB JXX JTSB Kinologiya boʻlinmasida oʻtadi. Oʻz qobiliyati va masʼuliyatliligi bilan ustozlar eʼtiborini qozondi.
Hozirda shu boʻlinmada kichik inspektor-kinolog lavozimida xizmat qilmoqda. Faoliyatini endigina boshlagan kezlari unga «Molli» laqabli nemis ovcharkasi biriktirilgan edi. Toʻrt oyoqli koʻmakchisiga belgilangan koʻnikmalarni oʻrgatishdan oldin adabiyotlardan, ijtimoiy tarmoqlardan bu nasldagi itlarning imkoniyatlari, qanday parvarish qilinishi boʻyicha zarur maʼlumotlarni oʻrgandi. Shuningdek, boʻlinmadagi tajribali ustozlari koʻmagida «Molli»ga jinoyatchini ushlash, giyohvandlik vositalarini qidirib topish koʻnikmalarini tez fursatda oʻrgatdi.
Sohaga kirib kelganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. Shunga qaramay tirishqoqligi, izlanuvchanligi va tashabbuskorligi bilan hamkasblari orasida munosib oʻrnini topdi. Lavhamiz qahramoni oʻz ustida muntazam ishlaydi. Shuningdek, bilimlarini yanada mustahkamlash maqsadida Samarqand davlat universitetida sirtdan taʼlim olmoqda.
Bugungi kunda Jahongir Roʻzimurodov oʻzining toʻrt oyoqli koʻmakchisi «Blis» yordamida jinoyatlarni «issiq izida» fosh etishga hissa qoʻshib kelmoqda. Yaqinda «Samarqand» muntazam yoʻl-patrul maskanida YPX inspektori odatdagi nazorat tekshiruvi uchun yuk mashinasini toʻxtatdi. Shunda negadir «Blis» bezovta boʻla boshladi. YPX inspektori haydovchi bilan suhbatlashayotganida, yoʻlovchi besaranjom boʻlayotgani Jahongirda shubha uygʻotdi. «Blis» ham vajohat bilan hura ketdi.
Kinologning shubhalari bekorga emaskan. Yoʻlovchi tekshirib koʻrilganida, uning choʻntagidan gugurt qutilarga solingan quritilgan nasha borligi aniqlandi. Lavhamiz qahramoni va uning ishonchli hamrohi «Blis»ning hushyorligi tufayli giyohvandlik vositasi savdosi bilan shugʻullanayotgan shaxsning qilmishlari fosh etildi.
— Xizmat itlari koʻmagida jinoyat ochilishi bir qarashda oddiy holga oʻxshaydi. Ammo buning ortida kinologlarning qancha mehnati, sabr-toqati yotgan boʻladi. Buni oʻzim kinolog boʻlib tushundim. It — aqlli, sezgir jonivor. U egasining ishonchini his qiladi va bunga sadoqati bilan javob qaytaradi. Shuning uchun haqiqiy kinologlar oʻzlariga biriktirilgan itlarga mehr, eʼtibor koʻrsatadilar, — deydi Jahongir.
Oʻzingiz ham sezgan boʻlsangiz kerak, shu sababdan qahramonimizning kasbiga ham mehri boʻlakcha. Shuning uchun oʻz vazifasini hamisha sidqidildan ado etadi. Tanlagan kasbi orqali jinoyatchilikka qarshi kurashishga hissa qoʻshayotganidan faxrlanadi.
Mahliyo Xolova, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Navoiy viloyati
