Buxoro viloyatidagi bolalar oromgohlarida xavfsizlik va mavsumga tayyorgarlik holati oʻrganilmoqda
2026-05-24 12:45:00 / Yangiliklar

Viloyatimizda joriy mavsumda jami 20 mingdan ortiq oʻgʻil-qizlarni sogʻlomlashtirish koʻzda tutilgan. Yosh avlodning xavfsiz sharoitlarda dam olishini taʼminlash barobarida, ularni vatanparvarlik va milliy gʻurur ruhida tarbiyalash — ichki ishlar organlari va mutasaddi tashkilotlarning diqqat markazida. Mavsum davomida faoliyat yuritadigan 50 ga yaqin toʻgarak yoshlarni ruhan va jismonan chiniqtirish, turli salbiy illatlardan asrash hamda boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan, viloyat hokimi Botir Zaripov hamda viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari boshchiligida hududlardagi tayyorgarlik jarayonlari qatʼiy nazoratga olindi. Xususan, Peshku, Romitan, Vobkent tumanlari hamda Buxoro shahridagi bolalarni sogʻlomlashtirish oromgohlarida oʻrganish ishlari olib borildi.
Oʻrganishlar davomida hududlardagi yotoqxona, yozgi pavilyon, yuvinish va sanitariya tarmogʻi, oshxona va tibbiyot xonalari, shuningdek, toʻgarak xonalarining shaylik holati koʻzdan kechirildi.
Mutasaddilarga oromgohlar hududida jamoat tartibini saqlash, yongʻin va harakat xavfsizligini taʼminlash, ichki elektr va texnik vositalarni toʻliq koʻrikdan oʻtkazish hamda aniqlangan nuqson va kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish boʻyicha qatʼiy topshiriqlar berildi.
Bolajonlarning yozgi taʼtilni bexatar va koʻtarinki ruhda oʻtkazishlari uchun viloyat ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan barcha zarur xavfsizlik choralari koʻrilmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati



