Bir surat tarixi. “Ustozlar oʻgiti biz uchun maktab”
2026-05-24 05:00:00 / Yangiliklar

Siz koʻrib turgan ushbu suratlar olingani orasidagi farq oz emas, koʻp emas — 20-yil.
Esimda, 2006-yilning 4-fevrali edi. Oʻsha kuni IIV Akademiyasida boʻladigan ilmiy-amaliy konferensiyaga qatnashish uchun ketayotgan paytimda poytaxtimizning Doʻrmon yoʻli — Gʻazalkent koʻchalari kesishmasida xizmat oʻtayotgan YPX xodimlariga koʻzim tushdi. Ob-havo anchagina sovuq boʻlsada, xodimlar hushyor va tetik xizmat oʻtardi. Ularning ruxsati bilan xizmat faoliyatini suratga oldim.
Oʻsha bir lahzalik fotolavha hozirda Ichki ishlar vazirligi muzeyida osigʻliq turibdi. U vaqtda Toshkent shahar IIBB YHXB YPXB Alohida maxsus divizion 1-guruh komandiri lavozimida, katta leytenant unvonida boʻlgan Alimuhammad Saidaxmatov hozirda Jizzax viloyati IIB JXX YHXB boshligʻi, podpolkovnik unvonida el tinchi va yurt osoyishtaligida halol va vijdonan xizmat qilmoqda. Dastlab Toshkent viloyatida, keyinchalik Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV YHXBda samarali xizmat qildi. Marrani keng olgan Alimuhammad IIV Akademiyasining magistratura bosqichini aʼlo baholarga tugatdi. 2024-2025-yillar Surxondaryo viloyat IIB YHXB boshligʻi boʻldi.
- Ustozlar oʻgiti — ulkan maktab, — deydi podpolkovnik A. Saidaxmatov. — Viloyat IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirovdek ustozlar bilan birga bamaslahat xizmat qilish, ularning izidan borish biz uchun sharaf!
Ha, ustozlar oʻgitida gap koʻp. Uni anglagan shogirdning maqomi ham yuksak boʻladi.
Abu KENJAYEV, fotomuxbir.
