Prezident sovgʻasi sohibasi Farzona Nosirova va uning oila aʼzolarini Ichki ishlar vaziri samimiy muborakbod etdi
2026-05-23 12:00:00 / Yangiliklar

Yurtimizda yosh avlodning bilimli, maʼnaviyatli va yuksak tafakkur sohiblari boʻlib voyaga yetishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ayniqsa, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni mutolaaga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar oʻzining amaliy samarasini bermoqda.
“Yosh kitobxon” respublika tanlovi ana shunday ezgu saʼy-harakatlarning muhim namunasi sifatida yurtdoshlarimiz qalbida alohida oʻrin egalladi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi va doimiy eʼtibori asosida oʻtkazilayotgan mazkur tanlovning respublika bosqichida mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan iqtidorli yoshlar oʻz bilim va salohiyatlarini namoyon etdilar. Ishtirokchilarning kitobga boʻlgan mehri, chuqur tafakkuri va keng dunyoqarashi barchada katta taassurot qoldirdi.
Tanlov 10–14, 15–19 hamda 20–30 yosh toifalarida yuqori saviyada tashkil etildi. Gʻolib va sovrindorlar munosib taqdirlanib, Prezident sovgʻalari — zamonaviy elektromobillar hamda pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirildi. Bu esa yoshlarning ilm-fan va kitobxonlikka boʻlgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, Buxoro viloyati Peshku tumani IIB profilaktika inspektori, mayor Nasim Bogʻiyevning 13 yoshli qizi Farzona Nosirovaning yutugʻi barchani quvontirdi. U “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritib, Prezident sovgʻasi — “BYD Chazor” avtomobili bilan taqdirlandi.
Farzona Nosirova ushbu yuksak natijaga erishishida ota-onasining mehri, tarbiyasi va doimiy qoʻllab-quvvatlashi muhim oʻrin tutganini alohida taʼkidladi. Bu yutuq, avvalo, oiladagi maʼnaviy muhit, kitobga boʻlgan muhabbat va ilmga qaratilayotgan eʼtiborning yorqin namunasidir.
Shu munosabat bilan Ichki ishlar vaziri davlatimiz rahbarining topshirigʻiga asosan Farzona Nosirova va uning oila aʼzolarini samimiy muborakbod etdi. Ularga kelgusida ham ulkan zafarlar, ilm yoʻlida yangi muvaffaqiyatlar tilab, qimmatbaho sovgʻalar ulashdi.
Darhaqiqat, kitob oʻqigan yosh — millat kelajagining mustahkam poydevoridir. Zero, maʼnaviyatli, bilimli va vatanparvar avlodni tarbiyalashda kitobning oʻrni beqiyos. “Yosh kitobxon” tanlovi esa ana shunday yoshlarni kashf etayotgan, ularni yangi marralar sari ruhlantirayotgan muhim maʼrifiy loyiha sifatida ahamiyat kasb etmoqda.




