Mahalla tinch — yurt tinch. “Gulistonobod“ — obod goʻsha
2026-05-22 23:00:00 / Yangiliklar

Gʻijduvon tumanidagi “Gulistonobod” mahallasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq jinoyatchilik yildan yilga kamayib bormoqda. Oʻtgan yili va joriy yilning oʻtgan davrida esa birorta ham jinoyat sodir etilmadi, huquqbuzarlik holatlari esa keskin kamaydi.
Bu bilan xotirjam boʻla olmaymiz, — deydi profilaktika inspektori, kapitan Samoyiddin Toshpolatov. — Ayniqsa, yoshlar tarbiyasiga hamda oilaga oid masalalar oʻz vaqtida koʻrib chiqilmasa, vaqtni boy bergan boʻlamiz.
Mahalla yettiligi aʼzolari birgalikda deyarli har kuni hududni aylanib, fuqarolar bilan suhbatlashamiz. Koʻcha vakillari bizni har kungi vaziyatdan xabardor qilib turishadi.
Mahalla raisi Ilhom Qosimovning aytishicha, Boyxotin qishlogʻida yashovchi bir fuqaro roʻzgʻor tashvishiyu tirikchiligini xotini gardaniga yuklab qoʻygan. Bu ham yetmagandek, spirtli ichimlik ichib, uyida janjal koʻtararkan. Profilaktika inspektorining saʼy-harakatlari bilan u fevral oyida viloyat narkologiya dispanseriga yotqizildi. Ayni paytda ichkilikbozlikni tashlagan. Hozirda payvandchilik bilan shugʻullanayotgan ekan.
Rabotipoyonlik N.M. ham spirtli ichimlikka ruju qoʻygan edi. Kapitan S. Toshpoʻlatov olib borgan profilaktik ishlar natijasida u tuzalish yoʻliga oʻtib, novvoychilik qilyapti. Oila aʼzolari va qoʻni-qoʻshnilari bilan tinch-totuv yashab kelyapti. Roʻzgʻoriga ham baraka kirgan.
Samoyiddin Toshpoʻlatov maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni profilaktik ishlarni olib boradi. Har oyda kamida ikki marotaba ular bilan suhbat oʻtkazadi.
Shuningdek, oilalarda kelishmovchiliklarning oldini olish, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan xonadonlarga imkoni qadar yordam berish choralarini koʻradi. Bunda unga mahalladagi tadbirkorlar, fermer xoʻjaliklari rahbarlari yaqindan yordam berishadi.
Qolaversa, ilgari ichki ishlar organlari tizimida, aynan profilaktika inspektori lavozimida faoliyat koʻrsatgan mahalla raisi bilan bamaslahat ish tutadi.
Notinch, janjalkash oilalarni murosai madoraga keltirish, turmush doirasida muntazam ravishda huquqbuzarlik sodir qiluvchi shaxslarni tartibga chaqirish yoʻlida mahalla yettiligi jonbozlik koʻrsatyapti.
Oʻtgan oylar davomida 8 ta oila yarashtirildi va 6 ta oilaviy ajrimning oldi olindi. Tazyiq va zoʻravonlikdan aziyat chekkan 7 nafar fuqaroga himoya orderi berildi.
Ayni paytda mahallada bunyodkorlik ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Jumladan, 28-umumtaʼlim maktabi uchun uch qavatli 590 oʻrinli yangi bino qad rostlayapti. 90 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti, oilaviy poliklinika uchun qoʻshimcha 24 oʻrinli bino qurilmoqda. Ichki yoʻllar asfaltlanyapti, 546 ta yangi simyogʻoch va 3 ta transformatorlar oʻrnatiladi.
Bugungi kunda “Gulistonobod” mahallasida boʻlgan kishi ushbu hududdagi osoyishtalik va xotirjamlikni, aholi turmush darajasining oshayotganligini, qolaversa, bunyodkorligu obodonchiliklarni koʻrib, dili yayraydi.
Bunda profilaktika inspektori, kapitan Samoyiddin Toshpoʻlatovning ham munosib hissasi bor.
©️ “Postda” gazetasi, Mirzoqul Ahadov, Buxoro viloyati.
