Ichki ishlar vazirligi davlat xizmatlarini koʻrsatishdagi ijobiy natijalari uchun eng namunali deb tan olindi
2026-05-22 13:00:00 / Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturining gʻoliblarini mukofotlash hamda Milliy kitobxonlik harakatiga start berish marosimlarida ishtirok etgan tadbirda Ichki ishlar vazirligi davlat xizmatlarini koʻrsatishdagi ijobiy natijalari uchun “Eng namunali vazirlik” deb topildi.
Bugungi kunda vazirlik 60 ga yaqin xizmat turini koʻrsatayotgan boʻlsa, ularning 95 foizi toʻliq raqamli shaklda taqdim etilayotgani diqqatga sazovor.
Ilgari tarqoq boʻlgan 72 ta maʼlumotlar bazasi yagona “Xavfsiz shahar” tizimiga birlashtirilib, unga 14 ta boshqaruv markazi va 20 dan ziyod vazirlik ulangan.
Oʻtgan yili 148 mingdan ortiq maʼmuriy ish masofaviy tarzda koʻrib chiqildi va odamlarning idorama-idora sarson boʻlishiga yoʻl qoʻyilmadi.
Vazirlik zamonaviy davlat xizmatlarini inson uchun yaratilgan qulaylik bilan oʻlchanishini amalda koʻrsatmoqda.


