Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi rahbariyati Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasining xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish borasidagi profilaktik ishlari bilan tanishdi
2026-05-22 10:00:00 / Yangiliklar

Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Abdullayeva Umida Hazratovna Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasiga tashrif buyurib boshqarma huzurida tashkil etilgan “Tashkiliy-tahlil” shtabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur uchrashuv davomida viloyat hududida oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar va chora-tadbirlar atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot jarayonida viloyat jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari – “Tashkiliy-tahlil” shtabi rahbari tomonidan mehmonga tahliliy shtabning ish mexanizmi, viloyatda mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar va hozirgacha erishilgan ijobiy natijalar xususida batafsil maʼlumot beruvchi maxsus taqdimot namoyish etildi.
Tahlillar davomida xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish hamda oilalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Taqdimot yakunida Umida Abdullayeva shtab tomonidan yoʻlga qoʻyilgan tizimli yondashuvni alohida eʼtirof etgan holda kelgusida mazkur yoʻnalishda amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish va hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan oʻzining muhim tavsiya hamda koʻrsatmalarini bildirdi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati






