Kasbidan kamol topganlar. Har koʻngilda mehr unsin
2026-05-21 18:25:00 / Yangiliklar

Poytaxtimizning Sergeli tumani “Quruvchilar” mahallasidagi moʻjaz va shinam xonadonga qadam qoʻyar ekanmiz, dimogʻimizga rayhonning xushboʻy ifori urildi. Bu goʻzallik va orastalik xonadon bekasining qalb qoʻridan dalolat bersa, oila boshi Saydivali Kabulovning akasi Abdinabi Kabulovni “Keling, aka!” deya jigarlarga xos mehr-oqibat, samimiyat va ochiq chehra bilan kutib olishi bu fayzli manzilni yanada yorishtirib yubordi.
Ichki ishlar organlarida el osoyishtaligi yoʻlida samarali xizmat qilgan aka-ukalar bilan suhbatimiz, bevosita ularning padarbuzrugi Abdulla ota bilan bogʻliq iliq xotiralar bilan boshlandi.
Abdulla ota Ikkinchi jahon urushining olovli yillarida birinchilardan boʻlib Vatan oldidagi yigitlik burchini ado etishga otlangan. 1945-yilning dekabr oyida jangohlardagi ne-ne sinov, oʻlimlarni dogʻda qoldirib, yurtiga yorugʻ yuz bilan qaytgan qahramonlardan biri boʻlgan.
Urushdan keyingi mashaqqatli tiklanish yillarida oddiy ishchilikdan rahbarlik lavozimigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtgan otaxon Asolat aya bilan qurgan ahil oila qoʻrgʻonida uch oʻgʻil va toʻrt qizni kamolga yetkazadi. Farzandlari qalbida ilm-maʼrifatga ishtiyoq uygʻotish bilan birga, ularga mehnatsevarlik va halollik kabi chin insoniy fazilatlarni singdirishga intiladi. Qatʼiyat bilan sugʻorilgan ota tarbiyasi oʻlaroq, oilaning ikki oʻgʻli birin-ketin ichki ishlar organlaridek masʼuliyati ogʻir, ammo sharafli kasbni tanladilar.
- Otamning turli soha vakillaridan doʻstlari koʻp edi, — deya bolalik xotiralarini eslaydi isteʼfodagi polkovnik Abdinabi Kabulov. — Harbiy xizmatdan qaytgan kezlarim edi. Ularning doʻsti Vladimir akaning “Menga kasbdosh boʻlasanmi?” degan soʻzlari qalbimdagi maqsadlarimni qatʼiylashtirdi. Otamning “Hech qachon yuzimni yerga qaratmaysan, egningdagi formaga dogʻ tushurmaysan, halol va vijdonan mehnat qilasan!” degan qatʼiy talabi bir umrlik shiorimga aylandi. Qariyb oʻttiz yillik xizmatim davomida ushbu aqidaga amal qilib, kam boʻlmadim, balki oʻzim tanlagan kasbda unib-oʻsdim.
Isteʼfodagi polkovnik Abdinabi Kabulov hozirda Toshkent shahar IIBB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻining maslahatchisi sifatida faoliyat yuritmoqda. Uning har bir yoʻl-yoʻrigʻi, maslahati sohaga kirib kelayotgan yosh xodimlar uchun istiqbol yoʻriqnomasi desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Quvonarlisi shundaki, ayni paytda ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlarida faoliyat yuritayotgan podpolkovnik Baxtiyor Kabulov hamda mayor Ixtiyor Kabulovning qalbi qiyofasiga ham sharafli kasb masʼuliyati koʻchgan. Bu ularning otasi Abdinabi Kabulovning izidan munosib tarzda odimlayotgani misolida yaqqol koʻrinadi.
Suhbatimiz Abdulla otadan meros maʼnaviy talablar oilaning kenja oʻgʻli Saydivali Kabulov yuragiga koʻchishi haqidagi xotiralar bilan davom etdi.
Saydivali aka 1987-yilda ilk xizmatini YPX inspektori sifatida boshlagani, ayni paytdagi soha rivoji, texnik imkoniyatlar va yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni koʻrib, havasi kelishini yashirmadi. “Moʻjiza yuz berib menga yana imkoniyat berilganida, yanada zoʻr shijoat bilan xizmat qilgan boʻlardim”, — deya borligʻiga aylangan sharafli xizmat borasidagi hayajonga toʻla izhorlari fidoyi xodimning qalbidagi el xizmati mayogʻining naqadar balandligi dalolati boʻldi. Quvonarlisi, bugun ushbu eʼtiqod mayogʻi ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlarida faoliyat yuritayotgan uning oʻgʻli, katta leytenant Saidabbos Kabulov va kelini, safdor Munojat Kabulovaning faoliyatida ham aks etmoqda. Ular bir-biriga oilada, xizmatda ham qoʻshqanot boʻlib kelmoqda.
Fidoyi faxriy xodimning safdorlikdan to Toshkent shahar IIBB YHXB Maʼmuriy amaliyot boʻlimi boshligʻi lavozimigacha boʻlgan 35-yillik xizmat yoʻli ibrat maktabidir. Podpolkovnik unvonida, yorugʻ yuz bilan pensiyaga kuzatilgan bu insondagi kamtarlik va samimiyat alohida tahsinga loyiq. Uning mehribon va shirinsoʻz ayoli, shifokor Surayyo opa bilan birgalikda tarbiyalagan qizlari Shahnozaxon va Malikaxonlarning jamiyatda oʻz oʻrinlarini topgani, bir biridan shirin nabiralarining shoʻxliklari, begʻubor kulgilari oila baxti va toʻkisligining yorqin ifodasidir.
Har bir soʻzida hayoti va mehnatidan rozilik tuygʻusi aks etib turgan Saydivali Kabulov yaqin kunlarda 60 yoshini qarshi oladi.
Saydivali Kabulov xonadonida dildan suhbat qurib ortga qaytar ekanmiz, mehr ungan koʻngilda nafaqat mahorat, balki mustahkam oqibat akslanishiga yana bir bor amin boʻldik. Kabulovlar sulolasi misolida biz nafaqat kasbiy vorislikni, balki oilaviy qadriyatlarning avloddan-avlodga bezavol oʻtganini koʻrdik. Bu katta oila vakilining har bir muvaffaqiyati zamirida ota oʻgitiga sadoqat, aka-uka oʻrtasidagi mehr va kasbga boʻlgan cheksiz hurmat mujassam. Niyatimiz, hamisha ezgu maqsadlar qarshisida, har koʻngilda ana shunday cheksiz mehr unsin.
Gulnoza Turgʻunboyeva, oʻz muxbirimiz. “Postda”
