Joriy yilning 21-may kuni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov hamda Fransiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Valid Fuk oʻrtasida rasmiy uchrashuvi boʻlib oʻtdi
2026-05-21 19:10:00 / Yangiliklar

Tadbirda Oʻzbekiston va Fransiya Prezidentlarining oliy darajadagi uchrashuvlarida ikki mamlakat oʻrtasida siyosiy muloqot, madaniy-gumanitar almashuv jarayonlari, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy faoliyat sohalarini rivojlantirish hamda huquqni muhofaza qilish faoliyati borasida koʻplab bitimlar, aniq va manzilli loyihalar amalga oshirilayotganligi alohida urgʻulandi.
Shuningdek, janob Valid Fuk joriy yilning 20-21-aprel kunlari Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi global forumga alohida toʻxtalib, Davlatimiz rahbarining giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi qarshi kurashishdagi yirik tashabbuslarini alohida eʼtirof etdi.
Uchrashuvda tomonlar transmilliy jinoyatlarga, shu jumladan terrorizm va ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, noqonuniy migratsiya va odam savdosini oldini olish hamda xavfsiz turizmni rivojlantirish kabi masalalarni muhokama qildilar.
Tadbirda kadrlar tayyorlash masalasiga eʼtibor qaratilib, IIV tizimidagi oʻquv muassasalari va Fransiya bilim yurtlari oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish, tajriba almashish va tor doiradagi mutaxassislar tayyorlash boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish kelishib olindi.
Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda yuqorida qayd etilgan koʻplab yoʻnalishlarda samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish boʻyicha istiqbolli vazifalar belgilab olindi.


