IIV rahbariyati tomonidan Toshkent shahri Mirobod tumanida oʻrganish ishlari davom etmoqda
2026-05-21 11:35:00 / Yangiliklar

Toshkent shahri Mirobod tumanida jamoat xavfsizligini taʼminlash, yoshlar tarbiyasi, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash hamda profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida keng koʻlamli oʻrganish ishlari olib borildi.
Oʻrganishlar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzarahimov rahbarligida Mirobod tumanida joylashgan “Abdurauf Fitrat” mahallasi, Furqat bogʻi hamda 158-sonli umumtaʼlim maktabida mavjud shart-sharoitlar, xavfsizlik choralari va profilaktik ishlar holati atroflicha oʻrganildi.
Tadbir davomida mahalla yettiligi faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, mahalla raisi, profilaktika inspektori, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, ijtimoiy xodim, soliq inspektori hamda hokim yordamchisi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, aholi muammolarini oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish boʻyicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, jamoat joylari, bogʻ hududlari va taʼlim muassasalarida xavfsizlikni taʼminlash maqsadida kameralashtirish ishlarini kengaytirish, zamonaviy videokuzatuv moslamalarini oʻrnatish hamda ularni yagona monitoring tizimiga integratsiya qilish yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi. Bu esa huquqbuzarliklarning oldini olish, tezkor nazoratni kuchaytirish va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
158-maktabda yoshlar tarbiyasi, davomat, profilaktik tadbirlar hamda oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish ishlari koʻzdan kechirildi. Masʼullarga yoshlarni turli salbiy taʼsirlardan asrash, ularning taʼlim-tarbiyasiga yanada jiddiy yondashish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Furqat bogʻida esa aholi va yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, jamoat tartibi, xavfsizlik infratuzilmasi hamda tungi yoritish tizimlari oʻrganilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Mazkur oʻrganishlar aholi tinchligi, mahallalar xavfsizligi va profilaktika tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli boʻldi.
Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash Departamenti Axborot guruhi



