Ona izidan. Podpolkovnik qizining orzusi
2026-05-21 08:45:00 / Yangiliklar

Bolaligimdan onamning xizmat kiyimida yurishlariga havas bilan boqardim, u men uchun doimo olijanoblik, nafosat va bukilmas iroda timsoli boʻlib kelgan. Onamning oʻz burchiga sadoqat bilan yondashishi va fidokorona xizmati meni hamisha hayratga solardi. Aynan uning matonati, bergan oʻgitlari, toʻgʻri tarbiyasi xarakterimni shakllantirib, qiyinchiliklarni sabot bilan yengishga oʻrgatdi.
IIV 1-sonli Toshkent akademik litseyiga oʻqishga kirishim oilaviy anʼanamizning mantiqiy davomi boʻldi — men onam, Mirzo Ulugʻbek tumani IIOFMB Migratsiya va personallashtirish boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Yulduz Azizova izidan borishni maqsad qildim.
Kelajakda yetuk xodim boʻlib shakllanishim sport va jangovar tayyorgarlik bilan chambarchas bogʻliq. «Qalqon» jangovar tayyorgarlik guruhi aʼzosi sifatida, respublika musobaqalarida jamoamiz bilan faxrli ikkinchi oʻrinni egallab, litseyimizdagi tayyorgarlik tizimi mamlakatimizda eng yaxshilaridan biri ekanini isbotladik. Yaqinda boʻlib oʻtgan respublika spartakiadasida koʻpkurash boʻyicha uchinchi oʻrinni egallaganim esa men uchun muhim shaxsiy natija boʻldi. Bu bilan sohada nafaqat yigitlar, balki qizlar ham kuch-quvvat, chidamlilik va iroda borasida hech kimdan qolishmasligini yana bir bor tasdiqladim.
Litseyimiz bilim, intizom, masʼuliyat maktabidir. IIV Akademiyasiga yetaklovchi ushbu maskanda tahsil olayotganimdan faxrlanaman. Ishonamanki, hali oldinda koʻplab gʻalabalar kutmoqda va har bir yutugʻim onamning menga boʻlgan ishonchi hamda koʻrsatgan yuksak oʻrnagi uchun minnatdorligim ramzidir.
Risolat AZIZOVA,
IIV 1-sonli Toshkent akademik litseyi oʻquvchisi.
