Ichki ishlar vaziri tomonidan Jazoni ijro etish tizimida yaratilgan qulayliklar va raqamlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi
2026-05-21 07:30:00 / Yangiliklar

IIV Jazoni ijro etish departamentida tizim faoliyatini tubdan transformatsiya qilishga qaratilgan istiqbolli chora-tadbirlar yuzasidan tayyorlangan taqdimoti koʻrib chiqildi.
Tadbir davomida jazoni ijro etish muassasalarida barcha jarayonlarni raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va “Aqlli monitoring” tizimini joriy etish, muassasalarni zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda xavfsizlik vositalari bilan jihozlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mahkumlarni ijtimoiylashtirish va ularni jamiyatga moslashtirish boʻyicha samarali mexanizmlarni amaliyotga tatbiq etish, tibbiy xizmat sifatini oshirish hamda ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish yuzasidan rejalar taqdim etildi.
Taqdimot doirasida ichki ishlar organlari xodimlari uchun mahalliy ishlab chiqarish korxonalarida tayyorlangan maxsus kiyim-boshlar, shuningdek jazo muddatini oʻtayotgan voyaga yetmaganlar uchun iqlim sharoiti va zamonaviy talablar asosida ishlab chiqilgan kiyim namunalari namoyish qilindi.
Bundan tashqari, Markaziy tergov hibsxonasi bino va inshootlarida mahkumlar va ularning yaqinlari uchun yaratilgan sharoitlar hamda rekonstruksiya ishlari bilan yaqindan tanishilib, ularning sifati va samaradorligi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Taqdimot yakunida mutasaddi rahbarlarga raqamli texnologiyalarni yanada keng joriy etish, muassasalar xavfsizligini kuchaytirish hamda xodimlarni ijtimoiy himoya qilish choralarini takomillashtirish boʻyicha aniq vazifalar yuklatildi.






