Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan Toshkent shahri Mirobod tumanida xavfsizlik tizimi oʻrganildi
2026-05-20 09:50:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan Toshkent shahrining Mirobod tumanida joylashgan “Chinor” va “Baratxoʻja” mahallalarida jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, aholi osoyishtaligini saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar keng qamrovda oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida mahallalarda mahalla yettiligi tomonidan olib borilayotgan ishlar, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi, ijtimoiy profilaktika tadbirlari hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan choralar tahlil qilindi. Shuningdek, profilaktika inspektorlarining xizmat faoliyati, fuqarolar bilan muloqot olib borish, muammoli oilalar va nazoratda turuvchi shaxslar bilan ishlash holati ham koʻzdan kechirildi.
Mahallalar hududida joylashgan “Markaziy savdo doʻkon”larida xavfsizlikni taʼminlash, savdo obyektlarini kameralashtirish, raqamli kuzatuv tizimlarini kengaytirish va ularning samarali ishlash holati atroflicha oʻrganildi. Savdo nuqtalarida oʻrnatilgan videokuzatuv moslamalarining jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishdagi ahamiyati alohida taʼkidlandi.
Shu bilan birga, patrul-post xizmati xodimlarining xizmat faoliyati, hududlarda jamoat tartibini saqlash, tungi vaqtda aholi xavfsizligini taʼminlash, profilaktik reydlar oʻtkazish hamda fuqarolarning tinch va xavfsiz hayot kechirishini taʼminlash borasida amalga oshirayotgan ishlar ham tahlil qilindi. Xodimlarning xizmat intizomi, xizmatni tashkil etish tartibi va zamonaviy texnik vositalardan foydalanish holati oʻrganildi.
Shuningdek, tumandagi 218-son umumtaʼlim maktabida oʻquvchilar xavfsizligini taʼminlash, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, taʼlim muassasasi hududida nazorat tizimlarini kuchaytirish hamda profilaktik tadbirlarni samarali tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar koʻrib chiqildi. Maktab maʼmuriyati va masʼul xodimlarga oʻquvchilar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tegishli tavsiya va koʻrsatmalar berildi.
Bundan tashqari, “Matonat” metro bekatida xizmat olib borayotgan xodimlarning xizmat faoliyati, yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, favqulodda holatlarning oldini olish hamda metro hududida profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish ishlari ham atroflicha oʻrganildi. Metropoliten hududida olib borilayotgan nazorat va kuzatuv ishlarining samaradorligi, xodimlarning xizmat olib borish jarayoni ham tahlil qilindi.
Oʻrganishlar yakunida mutasaddilarga mahallalarda xavfsiz muhitni yanada mustahkamlash, raqamli kuzatuv tizimlarini kengaytirish, patrul-post xizmati va profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini oshirish, jamoat tartibini saqlash hamda aholi osoyishtaligini taʼminlash yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.






