IIV Akademiyasida ikkinchi mutaxassislik boʻyicha taʼlim olgan tinglovchilarga diplomlar topshirildi
2026-05-19 10:00:00 / Yangiliklar

IIV Akademiyasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun yuqori malakali yurist kadrlarni tayyorlab berayotgan yetakchi oliy taʼlim muassasasi sanaladi.
Oʻquv dargohida boʻlib oʻtgan bitiruv tadbirida sirtqi taʼlimni ikkinchi mutaxassislik boʻyicha tamomlagan oliy maʼlumotli tinglovchilarga diplomlar topshirildi.
Tadbir avvalida akademiya boshligʻi Rustam Xatamov soʻzga chiqib, xalq manfaatlariga xizmat qilish mamlakatimizda amaliy faoliyatga aylanganini alohida taʼkidladi.
Odamlarni rozi qilish, ularning tashvishi va muammosini hal qilish, osoyishta va xavfsiz muhitda yashashini taʼminlash, jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkam qaror toptirish barcha davlat organlari, shu jumladan, ichki ishlar organlari xodimlari zimmasidagi eng ustuvor vazifa ekanligini qayd etdi.
Tadbirda kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan islohotlar ham tilga olindi. Ayniqsa sirtqi taʼlimda oʻqitishning innovatsion yondashuvlari keng joriy qilingani, raqamli platformalarning yoʻlga qoʻyilgani tinglovchilarning yuqori malakali kadr boʻlib yetishishida muhim ahamiyat kasb etayotgani aytib oʻtildi.
Shundan soʻng ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarda xizmat qilayotgan bitiruvchilar “huquqbuzarliklarni oldini olish va fosh etish faoliyati” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bakalavrlik diplomlarini tantanali ravishda qabul qilib oldilar.
“Har bir mamlakatning taraqqiyoti va farovonligi ichki barqarorlikka bogʻliq. Zimmangizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jinoyatchilikning har qanday koʻrinishlariga qarshi murosasiz kurashish, xalqimizning davlat organlariga boʻlgan ishonchini yanada oshirishdek masʼuliyat turibdi. Islohotlar samarasi koʻp jihatdan sizlarga bogʻliq”, — dedi akademiya boshligʻi.
Tadbirda safdoshlari nomidan soʻzga chiqqanlar oʻtgan uch yil mobaynida munosib taʼlim olganlari uchun akademiya rahbariyati va ustozlariga minnatdorlik bildirdilar.
Bugungi bitiruv kelgusidagi yuqori maqsadlar yoʻlida mustahkam poydevor boʻlganini taʼkidlagan holda Ona Vatanimiz va xalqimizga yuksak sadoqat bilan xizmat qilishga vaʼda berdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati






