Maʼnaviy-maʼrifiy tadbir. Qahramonlar yodi barhayot
2026-05-19 23:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida xizmat burchini oʻtash chogʻida mardlarcha halok boʻlgan xodimlarning yorqin xotirasiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ichki ishlar organlari tizimi faxriylari, marhumlarning oila aʼzolari, professor-oʻqituvchilar, kursantlar, akademik litsey va ixtisoslashtirilgan maktab-internat oʻquvchilari qatnashdi.
Tadbir awalida akademiya boshligʻi, polkovnik Rustam Xatamov soʻz olib, ichki ishlar organlarida xizmat qilishning sharafli va masʼuliyatli jihatlariga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Har bir inson, avvalo, ona Vatani oldidagi masʼuliyatini chuqur his qilishi, yurt himoyasi uchun doimo shay turishi, qayerda boʻlmasin, yuksak daxldorlik va fidoyilik hissi bilan yashashi lozimligini qayd etdi.
Xotira kechasida milliy davlatchiligimizni mustahkamlash yoʻlidagi mashaqqatlar, osuda hayotimizga koʻz tikkan gʻaraz niyatli kimsalarga qarshi mardonavor kurashgan ichki ishlar organlari xodimlarining umr yoʻli va ibratli fazilatlari yodga olindi.
Isteʼfodagi general mayorlar — Tohir Mullajonov va Mirsamad Adilov oʻz xotiralari bilan oʻrtoqlashar ekan, taqdir chorrahalarida yelkama-yelka xizmat qilgan hamkasblarining mardligini eʼtirof etdilar.
Ayniqsa, surxondaryolik marhum Ahmad Qurbonovning ukasi Asror Qurbonovning samimiy soʻzlari yigʻilganlar qalbini junbishga keltirdi: «Akademiya ostonasiga qadam qoʻyishim bilan yuragimni ajib bir his chulgʻadi.
Rahmatli akamning ushbu dargohda oʻtkazgan yoshlik onlari, leytenant unvonini olgan baxtiyor kunlari va koʻrkam formada magʻrur yurishlari koʻz oldimda gavdalandi.
Afsuski, bevaqt oʻlim ularni oramizdan erta olib ketdi, biroq akamdan oʻchmas nom va jasoratga toʻla xotira qoldi».
Tadbir doirasida Akademiya rahbariyati tashabbusi bilan chop etilgan “Soʻnmas jasorat” kitobining taqdimoti ham oʻtkazildi.
Toshkent militsiya maktablari va IIV Akademiyasini tamomlab, xizmat paytida halok boʻlgan hamkasblarning umr yoʻliga bagʻishlangan ushbu majmua xayrli ishlarning amaliy ifodasi boʻldi.
©️ “Postda” gazetasi, Jamshid Xolov, mayor.
