IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti rahbariyati tomonidan Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida migratsiya va personallashtirish sohasidagi xizmat faoliyati oʻrganildi
2026-05-19 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli koʻrsatmasiga muvofiq, vazirlik sohaviy xizmat rahbarlari tomonidan hududiy ichki ishlar organlari faoliyatini joyiga chiqqan holda oʻrganish hamda amaliy yordam koʻrsatish ishlari izchil davom etmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti boshligʻi, polkovnik Ulugʻbek Tashxodjayev tomonidan Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish boshqarmasi hamda uning quyi tizimlarida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha oʻrganildi.
Joriy yilning 15–16-may kunlari davomida oʻtkazilgan oʻrganishlar jarayonida sohadagi faoliyatning qonunchilik asoslari va amaliy ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolik toʻgʻrisida”gi Qonuni, fuqarolarni va chet el fuqarolarini yashash hamda turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazishga oid yangi tahrirdagi qonun hujjatlari, shuningdek, identifikatsiya ID-kartalarni joriy etish, biometrik pasport tizimini takomillashtirish va migratsiya sohasini raqamlashtirishga qaratilgan Prezident farmon va qarorlari ijrosi tahlil qilindi.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning respublika hududiga kirishi, boʻlishi va tranzit tartiblarini belgilab beruvchi qarorlari asosida amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa ularni roʻyxatga olish jarayonlarini soddalashtirish boʻyicha yaratilgan qulayliklar ham oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida xodimlarning qonunchilikka qatʼiy rioya etishi, xizmat intizomi va ijrochilik madaniyati, aholiga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarining sifati, fuqarolar uchun yaratilgan sharoit va qulayliklar atroflicha tahlil etildi.
Shuningdek, joylarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, xizmat samaradorligini yanada oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish hamda aholiga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash yuzasidan masʼullarga tegishli koʻrsatmalar va uslubiy yordamlar berildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati




