Xorazm viloyati IIB rahbariyati tomonidan Gurlan tumanida kriminogen muhitni barqarorlashtirish masalalari muhokama etildi
2026-05-19 09:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 18-may kuni Gurlan tuman hokimligi majlislar zalida xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, huquq-tartibot va nazorat organlari rahbarlari, shuningdek jamoatchilik vakillari ishtirokida kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishga Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Abdumajid Shermuxamedov hamda tuman hokimi Ruslan Oʻrazbayev raislik qildi.
Yigʻilish kun tartibidan oʻrin olgan asosiy masala — tashkiliy oʻzgarishlar boʻlib, unga koʻra ichki ishlar tizimida xizmat qilib kelayotgan tajribali rahbar, podpolkovnik Botir Otajanov Gurlan tumani ichki ishlar boʻlimi boshligʻi lavozimiga tayinlangani rasman eʼlon qilindi.
Ushbu tayinlov Ichki ishlar vazirining tegishli buyrugʻiga muvofiq amalga oshirilgani taʼkidlandi. Botir Otajanov bunga qadar Xiva shahar IIB boʻlimi boshligʻi sifatida faoliyat yuritib, oʻzining tashabbuskorligi va amaliy natijalari bilan tanilgan.
Yigʻilish davomida viloyat IIB boshligʻi tomonidan tumandagi kriminogen vaziyat tahlil qilinib, jinoyatchilikka qarshi kurashishda amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-amaliy ruhda koʻrib chiqildi.
Xususan, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, profilaktika ishlarini manzilli tashkil etish, aholi bilan yaqin muloqotni kuchaytirish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, Prezident qarorlari ijrosini taʼminlash doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, bu boradagi kamchiliklar ham ochiq-oydin koʻrsatib oʻtildi.
Alohida taʼkidlangan jihatlardan biri — Chilonzor tumani va Mirzo Ulugʻbek tumani tajribalarini hududda joriy etish masalasi boʻldi.
Ushbu tumanlarda jamoat xavfsizligini taʼminlash, mahallabay ishlash tizimini takomillashtirish, profilaktik chora-tadbirlarni aniq manzil asosida tashkil etish boʻyicha erishilgan ijobiy natijalar Gurlan tumanida ham tatbiq etilishi zarurligi qayd etildi.
Yigʻilishda soʻzga chiqqan yangi tayinlangan tuman IIB boshligʻi Botir Otajanov oʻzining ustuvor vazifalari va strategik rejalari haqida batafsil toʻxtalib oʻtdi.
Uning taʼkidlashicha, asosiy eʼtibor jinoyatlarning oldini olishga, aholi xavfsizligini taʼminlashga, huquqbuzarliklarning ildizini bartaraf etishga qaratiladi.
Shu bilan birga, har bir mahalla kesimida profilaktika ishlarini kuchaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash ustuvor yoʻnalish sifatida belgilandi.
Yigʻilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, masʼul idora va tashkilotlar rahbarlariga aniq vazifa va topshiriqlar yuklatildi.
Ularning ijrosini taʼminlash, belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va samarali bajarish boʻyicha qatʼiy nazorat oʻrnatilishi qayd etildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati




