Ostona shahrida xavfsizlik va transmilliy tahdidlarga qarshi kurash masalalari muhokama qilindi
2026-05-19 10:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 18-may kuni Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatida ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining ikkinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Ushbu anjuman bugungi global tahdidlar sharoitida xavfsizlikni taʼminlash, huquq-tartibotni mustahkamlash hamda davlatlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun mintaqa mamlakatlari vakillarini bir maydonga jamladi.
Tadbir doirasida dastlab delegatsiya rahbarlari Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toʻqayev qabulida boʻldilar. Suhbat chogʻida mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilindi. Qozogʻiston rahbari Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoyning barqarorlik, jamoat tartibi hamda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab oʻtdi.
Shundan soʻng, tadbirning kun tartibiga binoan ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining ikkinchi uchrashuvida huquq-tartibot idoralari oʻrtasida tezkor maʼlumot almashinuvi samaradorligini oshirish hamda transmilliy jinoiy guruhlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari koʻrildi. Ayniqsa, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi, odam savdosi, kiberjinoyatchilik va xalqaro jinoyatchilikning boshqa koʻrinishlariga qarshi kurashishda hamjihatlik muhim ekanligi taʼkidlandi.
Kun tartibidagi yana bir muhim mavzu sifatida ekstremizm gʻoyalari tarqalishining oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada ishtirokchilar mintaqada samarali migratsiya siyosatini yuritish va aholi orasida radikallashuvning oldini olishga qaratilgan profilaktik choralarni jadallashtirish zarurligini bildirdilar.
Delegatsiya rahbarlari ichki ishlar va jamoat xavfsizligi organlari xodimlarini kasbiy tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish sohasidagi hamkorlik masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtdilar. Tomonlar taʼlim dasturlarini takomillashtirish, qoʻshma oʻquv mashgʻulotlari va treninglar tashkil etish, mutaxassislar almashinuvini kengaytirish hamda kadrlar tayyorlashning zamonaviy usullarini joriy etishga kelishib oldilar.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan:
- giyohvandlik vositalarining kontrabandasini oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish boʻyicha uyushgan narkoguruhlar tomonidan foydalanilayotgan yangi yoʻlaklar va moliyaviy oqimlarni fosh etish boʻyicha aloqalarni jadallashtirish;
- taqiqlangan materiallarni tarqatuvchi kanallar va yashirin kriptobirjalar, qidiruvdagi shaxslar hamda firibgarlikning yangi usullari toʻgʻrisida oʻz vaqtida maʼlumot ulashishni yoʻlga qoʻyish;
- terroristik va ekstremistik tashkilotlar hamda ularning aʼzolari, jumladan internetda tarqatilayotgan radikal mazmundagi kontentlar toʻgʻrisida maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish maqsadida har bir idoradan masʼul aloqa ofitserlarini tayinlash taklif etildi.
Shuningdek, yigʻilish ishtirokchilari eʼtiboriga Oʻzbekistonda radikal guruhlar va gʻoyalarga moyil shaxslarni jamiyatga integratsiya qilish, diniy mutaassiblikka berilganlar bilan profilaktik suhbat oʻtkazish orqali ularga islom dinining asl mazmun-mohiyatini tushuntirish boʻyicha “ishchi guruhlari”ning tajribasi yetkazildi.
Mazkur ishchi guruhlar faoliyatining amaliy natijadorligini inobatga olgan holda, bunday tajribani mintaqaning boshqa davlatlarida ham qoʻllash taklif etildi.
Ishtirokchilar tomonidan Oʻzbekistonning takliflari qoʻllab-quvvatlanib, istiqbolda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Tadbir soʻngida, kelishuvlarni mustahkamlash maqsadida yigʻilish bayonnomasi imzolandi.
“Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi mazkur uchrashuv xavfsizlik va huquq-tartibot sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yoʻlida navbatdagi muhim qadam sifatida baholandi.






