Xotira uygʻonsa goʻzaldir. Hamon shogirdlari qalbida
2026-05-18 20:10:00 / Yangiliklar

Inson umrining eng katta mukofoti — lavozimi yoki unvoni emas, balki ortidan yaxshi nom va ezgu xotira qolishidir.
Ana shunday sharafga sazovor boʻlgan insonlardan biri yuridik fanlar doktori, professor, general-mayor Matrasul Sobirovdir.
Matrasul Sobirov 1950-yil 15-may kuni Xorazm viloyatining Bogʻot tumanida tavallud topdi. Yoshligidanoq ilmga chanqoqligi, izlanuvchanligi va qatʼiyati bilan aksar tengdoshlaridan ajralib turardi. U 1971-yilda Taganrog davlat pedagogika institutini muvaffaqiyatli tamomladi. Keyinchalik sobiq Ittifoq IIV Toshkent oliy maktabida tahsil olib, huquqshunoslik va boshqaruv sohasidagi bilimlarini yanada mustahkamladi.
Xizmatini Davlat xavfsizligi tizimida boshlab, keyinchalik ichki ishlar organlarida masʼul rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib bordi. Buxoro viloyati IIBda rahbarlikning turli bosqichlarida orttirgan boy tajribasi, tashkilotchilik salohiyati keyinchalik uning taʼlim tizimidagi faoliyatida yorqin namoyon boʻldi.
1994-yilda Matrasul Sobirovning IIV Yongʻin xavfsizligi oliy texnik maktabi boshligʻi etib tayinlangani bu maskan tarixida yangi bosqichning boshlanishi boʻldi. U rahbarlik qilgan yillarda taʼlim dargohida oʻquv jarayonini tubdan takomillashtirish, ilmiy salohiyatni oshirish, professor-oʻqituvchilar tarkibini kuchaytirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Aynan ustozning tashabbuslari bilan taʼlim muassasasida yangi oʻquv- laboratoriya binolari qad rostladi, sport inshootlari, maʼnaviyat markazi, muzey, tibbiyot korpusi va boshqa koʻplab obyektlar barpo etildi yoki kapital rekonstruksiya qilindi. Oʻquv xonalari zamonaviy texnik vositalar, laboratoriya jihozlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda yurtimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy yongʻin oʻchirish texnikalari bilan taʼminlandi. Bu, oʻz navbatida, taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqdi.
Professor Matrasul Sobirov serqirra olim sifatida ham katta ilmiy maktab yaratdi. Uning ilmiy izlanishlari natijasida oʻnlab ilmiy maqolalar, monografiyalar, darslik va oʻquv qoʻllanmalari yaratildi, ixtirolar uchun patentlar olindi. Ustoz yongʻin xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqilishida faol ishtirok etdi. Eng muhimi, u ilmni hayotdan ayro tasavvur qilmagan holda nazariya va amaliyotni uygʻunlashtira oldi. Shu bois uning shogirdlari nafaqat chuqur kasbiy bilimga ega, balki Vatanga va burchga sodiq, yuksak maʼnaviyatli yetuk mutaxassislar sifatida kamol topdi.
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilyapti, ilm-fan va innovatsiyalar yoʻlidagi dadil qadamlar tashlanmoqda, xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda, taʼlim sifati va amaliy tayyorgarlik borasida ulkan yutuqlar qoʻlga kiritilyapti. Bularning barchasi kechagi kun bilan bugunning uzviy bogʻliqligini koʻrsatadi.
Har bir mustahkam bino pishiq poydevor ustiga qurilgani kabi, bugungi taraqqiyot ham oʻz vaqtida bunyod etilgan mustahkam asosga tayanadi. Ana shu poydevor yaratilishida general-mayor Matrasul Sobirovning xizmatlari alohida oʻrin tutadi. Uning uzoqni koʻra bilgan rahbar sifatidagi qarorlari, taʼlim va tarbiya sohasidagi jonkuyarligi, ilmiy muhitni shakllantirishga qaratilgan tashabbuslari bugun ham oʻz samarasini bermoqda. Akademiyaning hozirda erishayotgan muvaffaqiyatlarida ustozning ham zahmatli mehnati mujassamdir.
Matrasul Sobirov bugun oramizda jisman boʻlmasa-da, oʻzining yaratgan maktabi, ezgu ishlari, ilmiy merosi, tarbiyalagan minglab shogirdlari va qalblarda qoldirgan yorqin xotirasi bilan hamon yashamoqda. Har safar FVV Akademiyasi tarixi, fidoyilik, halollik, rahbarlik masʼuliyati va ustozlik maqomi haqida soʻz borganda, bu ulugʻ inson nomi chuqur hurmat-ehtirom bilan tilga olinadi.
Bunday fidoyi insonlarni eslash — bu nafaqat oʻtganlarga hurmat bajo keltirish, balki bugungi avlodning ertangi kun oldidagi masʼuliyatini chuqur his etishi demakdir.
Zero, inson umri yillar bilan emas, qalblarda qoldirgan xotirasi bilan oʻlchanadi. Professor, general-mayor Matrasul Sobirov esa hamon avlodlar qalbida yashayotgan ustozdir.
Zikrilla Neʼmatov, isteʼfodagi polkovnik. “Postda”
