Shonli tarixdan soʻzlovchi maskan
2026-05-18 11:30:00 / Yangiliklar

Maʼlumki, muzeylar ajdodlardan meros boʻlgan madaniy boyliklarni, tarixiy xotiralarni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy-maʼrifiy muassasa hisoblanib, ularning vazifasi tarixiy hujjatlar, madaniy yodgorliklarni toʻplash, saqlash va keng xalq ommasiga namoyish qilishdan iborat.
Muzeylar faqatgina madaniy boyliklar va qadriyatlar namoyishigina boʻlib qolmasdan, ular bizni oʻtmish sayohatiga chorlovchi, shu bilan birga buyuk ajdodlarimiz jasorati va dahosidan ilhom olib kelgusi yuksak marralar sari olgʻa boshlovchi yoʻlchi yulduz hamdir.
Qariyb 50-yillik tarixga ega Ichki ishlar organlari tarixi muzeyi mamlakatimizdagi muzeylar orasida yoshlarni oʻziga jalb qilayotgan, tashrif buyuruvchilarning qiziqishlariga sabab boʻlayotgan noyob madaniy-maʼrifiy maskan sifatida oʻz oʻrniga ega.
Ushbu muzeyga tashrif buyurgan har bir inson nafaqat ichki ishlar organlari tarixi va faoliyati, el-yurt tinchligi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash yoʻlida amalga oshirilgan ishlar, bu borada oʻrnak koʻrsatgan xodimlarning sharafli faoliyati bilan yaqindan tanishadi, balki tinchlik va xavfsizlikning bebaho neʼmat ekanligini ham anglab yetadi. Shu bois muzey aholi, ayniqsa, yoshlarning sevimli maskanlaridan biriga aylangan.
Ichki ishlar organlari tarixi muzeyiga joriy yil boshidan buyon 1 875 nafar fuqarolarning (xorijiy delegatsiya aʼzolari – 31 nafar, IIO xodimlari – 460 nafar, kursantlar -104 nafar, talaba va oʻquvchilar – 1219 nafar, boshqa fuqarolar – 83 nafar) tashriflari tashkil etildi, muzey xodimlari tomonidan ularga 91-marta ekskursiya xizmatlari koʻrsatildi. Ushbu tashriflar vazirlik rasmiy sayti, hududiy Ichki ishlar organlari va taʼlim muassalari rasmiy saytlari hamda “Postda-Na postu” gazetasi va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib borilmoqda.
Muzey soha tarixiga oid noyob ashyolarni saqlash va namoyish etish bilan birga yosh avlodda ichki ishlar organlari xizmatiga qiziqish uygʻotish, ona yurt tinchligi yoʻlidagi xizmat gʻoyatda sharafli xizmat ekanligini anglatish orqali tizimga yuragida oʻti bor, shijoatli yoshlarni jalb etishda ham oʻziga xos rol oʻynaydi.
Shu maqsadda, joriy yilning mart oyidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirliklari bilan joylardagi taʼlim muassasalari oʻquvchi va talabalarining uyushgan holda muzeyga tashriflarini tashkil etish borasida samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Unga asosan qisqa vaqtda 18 ta davlat va xususiy oliy oʻquv yurtlarining 727 nafar talabalari muzeyga tashrif buyurdi, ularga 24-marta ekskursiya xizmati koʻrsatildi.
Jumladan, ichki ishlar organlarining boy tarixi, el-yurt osoyishtaligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyati, oʻz hayotini yurt osoyishtaligiga bagʻishlagan fidoyi xodimlarning ibratli hayoti va faoliyati, soʻnggi yillarda tizimda amalga oshirilgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berilmoqda.
Shu oʻrinda, muzey taʼlim muassasalari rahbariyati bilan tashriflar doirasida oldindan kelishilgan holda Ichki ishlar vazirligi masʼul xodimlari ishtirokida yoshlarda huquqiy madaniyatni va qonunlarga hurmat hissini shakllantirish, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan interaktiv davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etish boʻyicha hamkorlikka tayyorligini maʼlum qilamiz.
Ushbu tadbirlar yosh avlodni yurtimiz tarixining nomaʼlum sahifalari, ichki ishlar organlari tarixi va faoliyati bilan yaqindan tanishtirish orqali ularni vatanparvarlik, qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalashga hamda yoshlarda huquqiy ong va madaniyatning yuksalishiga, huquqbuzarlikka qarshi ijtimoiy immunitetning shakllanishiga hissa qoʻshishi shubhasiz.
Maʼlumot oʻrnida, Ichki ishlar organlari tarixi muzeyi Shayxontohur tumani, Beruniy shoh koʻchasida Ichki ishlar vazirligi “JAR” sport-sogʻlomlashtirish majmuasida joylashgan. Muzey jamoatchilik uchun ochiq boʻlib, ish vaqti haftaning dushanba-shanba kunlari soat 09.00 dan 18.00 gacha. Muzeyga kirish bepul.



