Ichki turizm. “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!”
2026-05-18 08:30:00 / Yangiliklar

Ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida IIV huzuridagi JIEDning Mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari hamda koloniyalari boshliqlari va ularning oila aʼzolarining Toshkent shahriga sayohati tashkil etildi.
Sayohat davomida ular poytaxtimizning Zarqaynar koʻchasi boʻylab sayr qilishdi. Qadimiylik va zamonaviylikni uygʻun holatda oʻzida mujassam etgan maskan barchada katta taassurot qoldirdi. Shundan soʻng Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlishib, bu yerda saqlanayotgan noyob qoʻlyozmalar, tarixiy eksponatlar va zamonaviy koʻrgazmalar bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, ajdodlarimizning ilm-fan va madaniyat rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi hammani hayratga soldi.
Shuningdek, xodimlar va ularning oila aʼzolari «Gʻalaba bogʻi» hamda «Shon-sharaf» muzeyiga ham tashrif buyurdilar. Bu yerda mardlik va jasorat koʻrsatgan ajdodlarimizni yodga olishdi, Ikkinchi jahon urushi yillarida koʻrsatilgan qahramonlik lavhalari bilan yaqindan tanishdilar. Muzey eksponatlari va bogʻ hududidagi tarixiy yodgorliklar ularda Vatanga muhabbat, milliy gʻurur va fidoyilik tuygʻularini yanada mustahkamladi.
Xulosa qilib aytganda, sayohat xodimlar va ularning oila aʼzolari uchun nafaqat madaniy hordiq, balki Vatan tarixi, milliy qadriyatlar va ajdodlar merosiga boʻlgan hurmatni yanada kuchaytiruvchi muhim maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻldi.
