IIV Akademiyasi rahbariyati tomonidan Navoiy viloyatida mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi
2026-05-17 12:30:00 / Yangiliklar

Prezidentimizning “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi Navoiy viloyatida ham izchil taʼminlanmoqda.
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi boshligʻi Rustam Xatamov bu boradagi ishlarning amaliy natijasi bilan tanishish maqsadida 14-15-may kunlari Navoiy shahri va Qiziltepa, Navbahor, Karmana tumanlaridagi mahallalarda boʻldi.
Manzilli oʻrganishlarda davlatimiz rahbari qaroridan soʻng amalga oshirilgan ishlar, joriy yilning 4 oyi davomida erishilgan natijalar, mahallalarning bugungi kundagi kriminogen holati, kelgusidagi dolzarb vazifalar masʼul rahbarlar, “mahalla yettiligi” aʼzolari hamda akademiya professor-oʻqituvchilari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
Akademiya boshligʻi mahallalarga borib, choraklik “yoʻl xarita”lar ijrosini oʻrgandi. Faollar bilan muloqot qilib, ularning taklif va mulohazalarini tingladi.
Aholi uchun osoyishta va barqaror muhit yaratish, odamlarning turmush farovonligini oshirish, ijtimoiy-maishiy muammolarini hal qilish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida hududlarga joriy qilingan tajribalar bilan tanishdi.
Aytish joizki, akademiya professor-oʻqituvchilari tomonidan biriktirilgan mahallalarda tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, hududlarda soʻnggi yillarda qayd etilgan jinoyatlar va ularning omillari ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilib chiqildi.
Kriminogen vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan 50 ga yaqin “jinoyat oʻchoqlari” va ovloq joylar aniqlandi.
“Ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, “yoʻl xarita”larga kiritildi.
Mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda mahallalarda 62 ta zamonaviy kamera, 9 ta “SOS” tashvish tugmasi oʻrnatilib, 9 ta “xavfsiz koʻcha”, 8 ta “xavfsiz uy” tashkil qilindi.
Ijtimoiy profilaktika doirasida huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan shaxslar aniqlanib, “mahalla yettiligi” vakillariga yoʻnaltirildi.
Bundan tashqari, aholi muammolarini oʻrganish va ijobiy hal etish maqsadida mehnat yarmarkalari, sayyor qabullar, ijtimoiy profilaktika haftaliklari tashkil etilib, ularni qiynayotgan masalalar alohida nazoratga olindi.
Joylarda profilaktik va targʻibot tadbirlari oʻtkazilib, fuqarolar, ayniqsa yoshlar qatlami vakillarining huquqiy masʼuliyati oshirildi.
Yaxlit tizimda amalga oshirilgan ishlar natijasida oʻtgan oylar mobaynida 4 ta mahallada umuman jinoyat sodir etilmadi.
Yana 3 ta mahalla “sariq”, 6 tasi “yashil” toifaga oʻtkazildi.
Uchrashuvlar chogʻida akademiya boshligʻi jinoyatchilik omillariga barham berish, ijtimoiy profilaktikani samarali tashkil etish, yoshlar va ayollar oʻrtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholining kriminogen vaziyatdan xabardorligini oshirish, kameralashtirish qamrovini kengaytirish zarurligini qayd etdi.
Shu bilan birga, ayrim mahallalarda qayd etilgan jinoyatlarning asl omillarini oʻrganish, aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotgan muammolarni aniqlash, ularning har biri boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqish, nizoli oilalardagi muhitni sogʻlomlashtirish, “mahalla yettiligi”ning faolligini oshirish, ayrim mahallalarda ijobiy natija berayotgan tajribalarni ommalashtirish yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati









