Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi xalqaro texnologik forumda ishtirok etdi
2026-05-17 12:00:00 / Yangiliklar

IIV “Xavfsiz shahar” markazining bir qator masʼul xodimlaridan iborat delegatsiyasi Qozogʻistonning Olma-ota shahrida boʻlib oʻtgan “GITEX AI Central Asia & Caucasus Kazakhstan 2026” xalqaro texnologik forumida ishtirok etdi
Tashkil etilgan mazkur yirik xalqaro tadbir sunʼiy intellekt, raqamli transformatsiya, kiberxavfsizlik, maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari, “aqlli shahar” texnologiyalari hamda zamonaviy raqamli infratuzilmalarni rivojlantirish yoʻnalishlarini qamrab olgan.
Forum doirasida “Xavfsiz shahar” markazi vakillari Huawei kompaniyasi masʼullari bilan hamkorlik yuzasidan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda tomonlar hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, “AI + xavfsiz tarmoq” yoʻnalishidagi yechimlarni oʻrganish hamda ularni “Xavfsiz shahar” tizimida sinovdan oʻtkazish masalalarini muhokama qildi.
Muzokaralar davomida ushbu texnologiyalarni “Xavfsiz shahar” platformasi bilan integratsiya qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, AI asosida shakllantirilgan video tahlil maʼlumotlari va xavf signallarini bevosita “Xavfsiz shahar” boshqaruv interfeysida aks ettirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Mazkur xalqaro platformada olingan tajriba va texnik kelishuvlar “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini yanada takomillashtirish hamda platformaning imkoniyatlarini kengaytirish, jamoat xavfsizligini taʼminlashda ilgʻor raqamli texnologiyalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi



