IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati rahbariyati Andijon viloyatida harakat xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan oʻrganish ishlari davom etmoqda
2026-05-16 14:00:00 / Yangiliklar

Mazkur jarayonlarda IIV JXD YHXX rahbariyati tomonidan hududlarda olib borilayotgan profilaktik ishlar, xizmat samaradorligi va mavjud muammolar atroflicha tahlil qilinmoqda. Oʻrganishlar doirasida viloyat YHXX tizimi masʼullari, hududiy boʻlinmalar rahbarlari ishtirokida tanqidiy ruhdagi yigʻilish tashkil etildi. Unda yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlishining asosiy sabablari, mavjud kamchiliklar, xizmat faoliyatidagi masʼuliyat masalalari hamda profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, rahbariyat tomonidan xodimlar xizmat faoliyatida foydalanayotgan zamonaviy texnik vositalar va maxsus uskunalar koʻzdan kechirildi. Jumladan, qoidabuzarliklarni aniqlashga moʻljallangan foto va video qayd etish qurilmalari, planshetlar, aloqani taʼminlovchi texnik jihozlar hamda xizmat avtomobillarining texnik holati bilan yaqindan tanishildi. Mavjud texnik imkoniyatlardan samarali foydalanish, xizmat intizomini kuchaytirish hamda har bir xodimning masʼuliyatini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, hududlarda yoʻl harakati qoidalarini qoʻpol ravishda buzish holatlarining oldini olish maqsadida reyd tadbirlari tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirlar davomida transport vositalarini mast holda boshqarish, hujjatlarsiz harakatlanish, noqonuniy qayta jihozlangan avtomobillar, davlat raqamisiz yoki qalbakilashtirilgan belgilar bilan harakatlanish, shuningdek, tungi vaqtlarda xavfli harakatlarni sodir etayotgan haydovchilarni aniqlash va qonuniy choralar koʻrishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻrganish ishlari yakunlari boʻyicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, xizmat samaradorligini oshirish va hududlarda yoʻl-transport hodisalari sonini kamaytirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilanishi taʼkidlandi.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati Axborot xizmati









