IIV rahbariyati ishtirokida Navoiy viloyatida jinoyatchilik profilaktikasi va xizmat faoliyati samaradorligi yuzasidan olib borilgan oʻrganishlar tanqidiy muhokama qilindi
2026-05-16 13:00:00 / Yangiliklar

Yigʻilishda Navoiy viloyati IIB rahbariyati hamda shaxsiy tarkib ishtirok etdi. Tanqidiy va tahliliy ruhda oʻtgan yigʻilishda Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan PQ-1 va PQ-2-son qarorlari ijrosi, ishchi guruh tomonidan olib borilgan oʻrganishlar natijalari hamda hududlardagi kriminogen vaziyat atroflicha tahlil qilindi.
Muhokamalar davomida jinoyatchilikni jilovlash, aholining kundalik ijtimoiy-maishiy muammolarini ijtimoiy profilaktika orqali bartaraf etish, mavjud xato va kamchiliklarni tizimli hal etish hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan masʼullarning hisobotlari tinglandi.
Oʻrganishlar davomida ayrim hududlarda jinoyatchilik koʻrsatkichlari oshgani tanqid ostiga olinib, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, mahalla yettiligi faoliyatini yanada samarali tashkil etish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.
Yigʻilishda korrupsiya va tamagirlikka qarshi murosasiz kurashish, xizmat intizomi va qonuniylikka qatʼiy rioya etish, xodimlarning kasbiy, xizmat hamda jangovar tayyorgarligini mustahkamlash yuzasidan rahbariyatning aniq talab va topshiriqlari yetkazildi.
Shuningdek, faoliyat davomida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda mavjud kamchiliklar ham tanqidiy koʻrib chiqilib, jinoyatchilikning ayrim turlari oshgan hududlar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi. Kamchiliklarga yoʻl qoʻygan ayrim sohaviy xizmatlar hamda shahar-tuman IIB xodimlariga nisbatan tegishli taʼsir choralari koʻrilishi maʼlum qilindi.
Tadbir davomida vazirlik tizimida oʻtkazilgan “Namunali oila” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan patrul-post xizmati xodimi, katta serjant Zohidjon Roziqov oilasi ham munosib taqdirlandi.
Shu bilan birga, xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishib, hamkasblariga oʻrnak boʻlib kelayotgan bir guruh xodimlar vazir oʻrinbosarining tegishli buyrugʻiga asosan ragʻbatlantirildi.



