12-may — Xalqaro hamshiralar kuni. Mehr va sadoqat eʼtirofi
2026-05-16 23:00:00 / Yangiliklar

IIV Markaziy poliklinikasida 12-may — Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Tadbirni poliklinika rahbari, podpolkovnik Sayyora Qilicheva kirish soʻzi bilan ochib, barcha hamshiralarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
Bu sharafli kasbda sadoqat bilan xizmat qilish har kimga ham nasib etavermaydi. Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolari salomatligini asrash yoʻlidagi zahmatli va masʼuliyatli mehnatingiz uchun barchangizga minnatdorlik bildiraman, — dedi u.
Shundan soʻng namunaviy mehnati, kasbiga sadoqati hamda koʻp yillik samarali xizmati bilan jamoaga oʻrnak boʻlib kelayotgan bir guruh tibbiyot xodimlari esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Taqdirlanganlar orasida laboratoriya boʻlimi laboranti Dilnora Yuzboyeva ham bor. U qariyb 20-yildan buyon mazkur muassasada samarali mehnat qilib kelmoqda.
Bugungi eʼtirof men uchun katta faxr. Insonlar salomatligi yoʻlida xizmat qilish — hayotim mazmuniga aylangan. Bu eʼtibor va gʻamxoʻrlik har bir tibbiyot xodimini oʻz kasbiga yanada masʼuliyat bilan yondashishga undaydi, — dedi u hayajon bilan.
Tadbir bayram dasturiga ulanib ketdi. Samimiy va koʻtarinki kayfiyatda oʻtgan tantana ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar bagʻishladi.
©️ “Postda” gazetasi, Adolat Fayziyeva
