IIV rahbariyati tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida navbatdagi shaxsiy qabul oʻtkazildi
2026-05-16 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Yuldoshevich Mirzarahimov tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida fuqarolar uchun navbatdagi shaxsiy qabul oʻtkazildi.
Mazkur qabul aholining murojaatlarini tinglash, ularni qiynayotgan muammolarga yechim topish hamda ichki ishlar organlari faoliyatiga doir taklif va mulohazalarni oʻrganish maqsadida tashkil etildi. Qabul davomida fuqarolar tomonidan ijtimoiy, huquqiy, maishiy hamda ish bilan taʼminlashga oid qator masalalar koʻtarildi.
General-mayor Baxodir Mirzarahimov har bir murojaatni atroflicha oʻrganib, ularning qonuniy yechimi yuzasidan masʼul rahbar va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. Ayrim murojaatlar joyida hal etilgan boʻlsa, qoʻshimcha oʻrganish talab etuvchi masalalar nazoratga olindi.
Shuningdek, qabul jarayonida aholi bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarning dardu-tashvishlarini eshitish va ularning huquq hamda manfaatlarini taʼminlash davlat organlari faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekani taʼkidlandi.
Bunday shaxsiy qabullar aholining davlat idoralariga boʻlgan ishonchini mustahkamlash, joylardagi muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish hamda xalq bilan muloqot samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash Departamenti Axborot guruhi



