Ichki ishlar vazirligining rahbariyati tomonidan Fargʻona viloyatining Fargʻona, Quvasoy shaharlari va Toshloq, Quva, Fargʻona tumanlarida xavfsiz muhitni taʼminlash borasida amaliy ishlar olib borildi
2026-05-15 11:15:00 / Yangiliklar

Xususan, ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari general-mayor Rustam Djurayev tomonidan Fargʻona viloyati IIB JXX JTSB PPX batalonida xodimlarga yaratilgan sharoitlar oʻrganildi. Shahar va tumanlarda har hafta yigʻma otryadlar ishtirokida oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazish, xodimlarning tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha nazariy va amaliy koʻnikmalarini oshirish, maxsus vositalar hamda qaytaruvchi gazlardan foydalanish vaqtidagi harakatlar ketma-ketligi boʻyicha Milliy gvardiya bilan hamkorlikda mashgʻulotlar oʻtkazish yuzasidan topshiriqlar berildi.
TVBSO binosi va MOMB boʻlimlari faoliyati ham oʻrganilib, binolarni zamonaviy talablar asosida taʼmirlash, xizmat itlari uchun maxsus mashq maydonchasi tashkil etish, ularni giyohvand va portlovchi moddalarni aniqlash hamda patrul xizmati yoʻnalishlarida tayyorlash, oʻquv joylari va zamonaviy volyerlar qurish, shuningdek kinologlar tarkibini mutaxassis kadrlar bilan toʻldirish boʻyicha vazifalar belgilab berildi.
Fargʻona shahrida “M.Ulugʻbek tajribasi” asosida tashkil etilgan shtab faoliyati oʻrganildi. Shahar IIB boshligʻi va hokim tomonidan mahallalarda xavfsiz muhit yaratish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi. Biroq shtab faoliyatida hisobot tizimi va ishchi guruhlar faoliyati toʻliq yoʻlga qoʻyilmagani sababli, barcha tizimlarni bir hafta muddatda toʻliq ishga tushirish boʻyicha topshiriq berildi.
Toshloq tumanida IIB binosida yaratilgan shart-sharoitlar koʻzdan kechirilib, “Chilonzor” va “Mirzo Ulugʻbek” tajribalari asosida masʼul rahbarlar bilan muhokamalar oʻtkazildi. Shu bilan birga, taʼlim muassasalari qorovulligiga yoshlarni ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaga nomzod sifatida tayyorlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Quva tumanida Yangi Quva MFY, Tavakkal Qodirov muzeyi, mahalla kutubxonasi va 1-sonli Huquq-tartibot maskani faoliyati bilan tanishildi. Tuman Qoʻriqlash boʻlimi hududida sport mashgʻulotlari uchun maxsus maydon barpo etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va qurilish ishlarini boshlash vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, qoʻshimcha tezkor harakatlanuvchi guruhlar tashkil etish, aholi gavjum joylariga kuzatuv kameralari oʻrnatish va ularni situatsion markazga integratsiya qilish, chegara hududlarda barqarorlikni taʼminlash hamda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Axborot xizmati



