Xalqaro hamkorlik. Umumiy tahdidlarga qarshi
2026-05-15 08:50:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrida MDHga aʼzo davlatlar ichki ishlar vazirliklarining jinoyatchilikka qarshi kurashish tuzilmalari rahbarlarining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston ichki ishlar vazirliklari, shuningdek, MDHga aʼzo davlatlar hududida Uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish byurosi delegatsiyalari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatov idoralararo hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy kriminal tahdidlarga qarshi kurashishda yagona yondashuvlarni ishlab chiqish hamda saʼy-harakatlarni birlashtirish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Yigʻilish kun tartibiga muvofiq MDH davlatlari hududida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan bogʻliq yangi tahdidlarga qarshi kurashish masalalari ham koʻrib chiqildi. Xususan, «dorixona giyohvandligi» rivojlanishiga qarshi kurashish, narkotiklar savdosiga xizmat qilayotgan internet-resurslar faoliyatiga chek qoʻyish choralari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar dasturiy va texnik vositalarni takomillashtirish, tijorat tuzilmalari (internet provayderlari, banklar va boshqalar) bilan qoʻshma saʼy-harakatlar olib borish zarurligiga alohida eʼtibor qaratdilar. Shuningdek, giyohvandlik vositalari savdosi kanallarini yoʻq qilish boʻyicha innovatsion yechimlar yuzasidan tajriba va maʼlumotlar almashildi.
Bundan tashqari, 2027-2030-yillarda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga qarshi kurashish sohasida MDHga aʼzo davlatlar Ichki ishlar vazirliklari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi loyihasi ham koʻrib chiqildi.
Yigʻilish natijalari MDHga aʼzo davlatlar ichki ishlar organlari faoliyati amaliy hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilganini koʻrsatdi.
Radik TUMPAROV, oʻz muxbirimiz.
