IIV Akademiyasida kibermakondagi xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashishga qaratilgan oʻquv kursi tashkil qilindi
2026-05-14 18:50:00 / Yangiliklar

Turkiya Ichki ishlar vazirligining Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan mashgʻulotlarga kunduzgi taʼlimning 1- oʻquv kursi kursantlari jalb qilindi.
Oʻquv kursida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlar, xususan, kiberfiribgarlikning turli koʻrinishlari, sodir etilish usullari, bugungi kunda ommalashayotgan ushbu turdagi jinoyatlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ularga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, kibermakonda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha Turkiya mamlakatida shakllanayotgan ilgʻor tajribalar, axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashishda qoʻllanilayotgan dasturiy taʼminotlar, ularning vazifalari va imkoniyatlari, internetdan xavfsiz foydalanish usullari kabilar yoritildi.
Mashgʻulotlar davomida tinglovchilar amaliy topshiriqlarni bajarib, soha boʻyicha bilim va koʻnikmalarini mustahkamladilar.
Oʻquv kursi yakunida mavzular tahlil qilinib, yakuniy xulosa va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Shuningdek turkiyalik mehmonlar akademiyada yoʻlga qoʻyilgan taʼlim jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati






